ISM ekspozitsiyasidan Oʻzbekistonning tarixiy va maftunkor shaharlarining maketlari joy oladi
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Kengaytirilgan Ilmiy kengashning navbatdagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda Kengash aʼzolari, Ishchi guruh rahbarlari jumladan, tarix fanlari doktori, professor Jannat Ismoilova, OʻzRFA vitse prezidenti, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori, professor Bahrom Abduhalimov, Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasi direktori, sanʼatshunos olima Kamola Akilova, akademik Akbar Hakimov va boshqa olimlar hamda Markaz rahbariyati va xodimlar ishtirok etdi.
Ilmiy kengash muhokamasi
Kengash muhokamasida Markaz ekspozitsiyasining 4 ta yoʻnalishi – "Qurʼoni karim" zali, "Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari", "Birinchi Renessans davri", "Ikkinchi Renessans davri" va "Oʻzbek xonliklari" boʻlimlari Ish rejasi taqdimotlari muhokama etildi.
Kengash uchrashuvini Markaz rahbari Firdavs Abduxoliqov kirish soʻz bilan ochib berdi:
— Markazni boyitish doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar uch bosqichda amalga oshirilmoqda. Oldimizda katta va masʼuliyatli ish turibdi. Har bir boʻlim rahbaridan markaz uchun taqdim etilgan manbalarning aniq va tarixiy haqiqatlarga asoslanganini taʼminlash soʻraladi. Maʼlumotlar 7 tilga tarjima qilinadi. Bu boʻyicha tajribali kompaniyalar bilan hamkorlik masalalari koʻrilmoqda. Wikipediyadagi tarixiy maʼlumotlarni yanada boyitishga hissa qoʻshishni ham rejalashtirganmiz – dedi Markaz rahbari.
“Sila sveta” kompaniyasi vakili
Jarayonda “Sila sveta” kompaniyasi direktori Aleksandr Us "Yangi Oʻzbekiston — Yangi Renessans" boʻlimining tarkibiy qismlari, ekspozitsiya dizayni va undan oʻrin oladigan artefaktlar hamda media kontentlar haqida onlayn taqdimot qildi. Taqdimot yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.
— Markaz ochilgandan soʻng bizning ishimiz tashrif buyuruvchilarga manzur boʻladi, deb umid qilaman. Mahalliy olimlar, tarixchilar bilan maslahatlashgan holda loyiha doirasida koʻplab yangiliklar qildik. Boʻlim tom maʼnoda markazning tashrif qogʻozi boʻladi, deya toʻgʻri baholanmoqda. Tasavvur qilish uchun aytaman, boʻlimda Oʻzbekistonning tarixiy va maftunkor shaharlarining maketlari joy oladi, oʻzbek allomalarining ixtirolari aks ettiriladi. Dron va audioyozuvli shoular oʻtkaziladi. Loyihalarda zamonaviylik aks ettiriladi, har bir dastur jahon standartlari asosida amalga oshiriladi, — dedi Aleksandr Us.
Shuningdek, yigʻilishda “Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari”, “Birinchi Renessans davri”, “Ikkinchi Renessans davri” boʻlim rahbarlari va masʼullari loyihalar doirasida qilinayotgan ishlar boʻyicha taqdimot qildi. Maʼlum qilinishicha, Markazga gidlar jamoasi jalb qilinishi, ular mutaxassislar tomonidan oʻquv kurslarida oʻqitilishi maʼlum qilindi. Uchrashuv soʻnggida taqdimotlar Ilmiy kengash aʼzolari tomonidan yana bir bor muhokama qilinib, tasdiqlandi.
Maʼlumot uchun, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilayotgan markaz ekspozitsiyasini mazmunli kontentlar, tarixiy artefaktlar va mulyajlar bilan boyitish masalalariga soʻnggi bir oy ichida 200 dan ortiq mahalliy olimlar jalb qilingan. Jami 800 dan ziyod loyihalar ustida ishlarni amalga oshirish uchun 2000 dan ortiq mahalliy va xorijlik olimlar birgalikda ish olib borishi kerakligi qayd etildi. Ayni paytda dastlabki bosqich boshlangan, unda 400 dan ortiq loyihalar ustida Ilmiy kengash aʼzolari bilan maslahatlashgan holda ishlar jadal olib borilyapti.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
