Usmon Mus'hafi tarixi haqida kitob tayyorlanmoqda

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida buyuk tarixiy va madaniy meroslarimizni oʻrganish, asrash va targʻib etish yoʻlida yana bir muhim qadam tashlanmoqda. Dunyoda eng qadimgi nusxalaridan biri hisoblangan Usmon Mus'hafi tarixi haqida ilk bor ilmiy-ommabop kitob tayyorlanmoqda.

 

 

Mazkur kitobda Qurʼoni karimning eng qadimiy nusxalaridan biri sanalmish, VII asrda koʻchirilgan va hozirgi kunda Oʻzbekistonda saqlanayotgan Usmon Mus'hafining kelib chiqishi, tarixiy yoʻli, paleografik xususiyatlari, diniy va madaniy ahamiyati keng yoritiladi. Kitob nashr etilgach, u Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasi tarkibiga kiritiladi va tashrif buyuruvchilarga ushbu noyob Qurʼon qoʻlyozmasi haqida batafsil maʼlumot berish imkonini yaratadi.

 

Loyihaning asosiy maqsadi – Oʻzbekiston hududida saqlanayotgan bu nodir tarixiy manba orqali islom ilm-fanining yuksak saviyasini, musulmon dunyosining ilk davrlardagi yozuv madaniyati va Qurʼonni koʻchirish anʼanalarini keng jamoatchilikka tanitishdan iborat.