Hududiy ekspeditsiya natijalari: Islom sivilizatsiyasi markazi uchun 48 ta eksponat saralandi
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini tarixiy ashyolar bilan toʻldirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar doirasida 3-ilmiy ekspeditsiya guruhi Qoʻqon davlat muzey-qoʻriqxonasi va uning filiallarida boʻldi. Ekspeditsiya aʼzolari muzey fondida saqlanayotgan eksponatlarni oʻrganib, markaz uchun kerakli artefaktlar boʻyicha saralash ishlarini olib borishdi.
Qoʻqon davlat muzey-qoʻriqxonasida hozirda 48 276 dona ashyo saqlanadi. Ularning 2246 tasi taʼmirga muhtoj. Muzeyning 11 ta filiali mavjud boʻlib, shulardan 5 tasida doimiy ekspozitsiyalar tashkil etilgan. Xususan, Xudoyorxon oʻrdasi muzeyida – 1285, Buyuk allomalar muzeyida – 817, Amaliy sanʼat muzeyida – 344, Muqimiy hujra-muzeyida – 338 va Hamza uy-muzeyida – 301 dona eksponat namoyish etib kelinmoqda.
Islom sivilizatsiyasi markazi uchun belgilangan “Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari” va “Oʻzbek xonliklari davri” boʻlimlari ekspozitsiyalariga moʻljallangan 48 dona ashyo shu muzey kolleksiyalaridan tanlab olindi. Tanlov jarayoni Qoʻqon davlat muzey-qoʻriqxonasi bosh muhofizi A.Yaxyayev bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ekspeditsiya davomida ashyolarning tarixi, holati, ekspozitsion qiymati, koʻrgazmada taqdim etish imkoniyatlari toʻliq tahlil qilindi. Shu asosda tanlab olingan ashyolar Islom sivilizatsiyasi markazining ekspozitsiyasiga qoʻshiladi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
