Amir Temur haqida noyob sanʼat asari yaratilishi rejalashtirilmoqda

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida “Amir Temur – maʼrifatparvar hukmdor” nomli tasviriy sanʼat namunasi namoyish etiladi. Unda Amir Temur maʼrifat va ilm-fan homiysi sifatida tasvirlanishi kutilmoqda. U baland tepalikda supa ustida, yuzida mehr va diqqat bilan ulamolar – Saʼduddin Taftazoniy, Ibn Xaldun va Hofiz Sheroziy bilan suhbatda oʻtirgan holda aks ettirilishi kutilmoqda. Bu haqda “Ikkinchi Renesans davri” ekspozitsiyasiga bagʻishlangan muhokamada taʼkidlandi. 

 

Asarda shuningdek, Temur davridagi ilm-fan, falsafa, arxitektura va madaniyat rivoji ifodalanadi. Ozarbayjonlik mashhur musiqachi Abdulqodir Marogʻiy, tarixchilar Nizomiddin Shomiy va Ibn Arabshoh hamda Rui Gonsales Klavixo kabi diplomatlar ham sahnada namoyon boʻladi.

 

Shuningdek, Bibixonim nabiralari Boysunqur va Ulugʻbekka kitob oʻqib berishi tasvirlanadi.

 

Asar orqali Amir Temur shaxsiyatining maʼrifatparvar qirrasiga eʼtibor qaratiladi.