Tojmahal va Registonni nima bogʻlab turadi?


 

Sharqning betakror meʼmoriy yodgorliklari orasida Registon va Tojmahal alohida oʻrin tutadi. Ular nafaqat oʻz davrining buyuk inshootlari, balki madaniy aloqalar timsoli sifatida ham ahamiyatlidir. Qizigʻi shundaki, Samarqanddagi Registon maydoni va Agradagi Tojmahal deyarli bir vaqtda qurilgan. Bu ikki muhtasham bino oʻrtasidagi oʻxshashliklar tasodif emas, balki Ashtarxoniylar va Boburiylar davlatlari oʻrtasidagi chuqur madaniy va meʼmoriy hamkorlikning natijasidir.  


XVII asrda ushbu ikki buyuk davlat oʻrtasida diplomatik va iqtisodiy aloqalar yuqori pogʻonaga koʻtarilgan edi. Buni Avrangzeb hukmronligi davrida ishlangan Imomqulixon portreti ham tasdiqlaydi. Registon va Tojmahal qurilishida oʻz davrining eng mohir meʼmorlari ishtirok etgan, ular bir-biridan andoza olib, oʻzaro hamkorlik qilganlar.  


Bugungi kunda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida mazkur ikki tarixiy yodgorlikning oʻxshash va farqli jihatlari, meʼmorlari va ularning bunyod etilishi tarixi haqida maʼlumotlar toʻplanmoqda. Shuningdek, ushbu durdonalarga bagʻishlangan maxsus media kontentlar tayyorlanib, muzeyda namoyish etilishi rejalashtirilgan.