Tarixdan soʻzlovchi medialoyiha: Jadidlarning oʻzbek milliy matbuotiga asos solishi


 

Oʻzbek xalqining boy madaniy merosi, maʼrifatparvarlik anʼanalari va matbuot sohasidagi ilk qadamlari bugungi kunda nafaqat tarixiy xotira, balki zamonaviy taraqqiyotimizning mustahkam tayanchi sifatida qaralmoqda. Shu bois, Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan “Jadidlarning oʻzbek milliy matbuotiga asos solishi (1906–1918 yillar)” nomli yangi medialoyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

 

Loyihaning birinchi bosqichi jadid matbuoti tarixiga bagʻishlanadi. Bu davr oʻzbek milliy matbuotining shakllanishi, jamiyatda uygʻonish gʻoyalarining yoyilishi va xalqni ilm-maʼrifat sari yetaklash yoʻlidagi dastlabki harakatlar bilan ajralib turadi. Aynan mana shu bosqichda tarixiy manbalar asosida tayyorlanadigan maxsus videofilm ishlab chiqiladi va Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasi tarkibiga kiritiladi.

 

Ushbu videofilmda 1906–1918 yillar oraligʻida faoliyat yuritgan “Taraqqiy”, “Shuhrat”, “Hurriyat”, “Sadoi Turkiston”, “Sadoi Fargʻona” kabi gazetalar, ularning gʻoyaviy yoʻnalishi, maʼrifiy va siyosiy ahamiyati, shuningdek, jadid ziyolilarining matbuot orqali xalqni uygʻotishga boʻlgan intilishi keng yoritiladi. Filmda zamonaviy texnologiyalar, tarixiy fotosuratlar, arxiv hujjatlari va mutaxassislar izohi asosida boy tasviriy va axboriy materiallar taqdim etilishi koʻzda tutilgan.