Tarixnavis Muhammadrizo Ogahiy ijodiy merosi keng miqyosda oʻrganiladi


 

Ogahiy – XIX asrda yashab oʻtgan yirik shoir, tarixnavis, davlat arbobi va jadidchilik gʻoyalari bilan uygʻunlashgan maʼnaviy uygʻonish davrining yuksak namoyandalaridan biri hisoblanadi. Uning asarlari oʻz zamonasi ijtimoiy-siyosiy hayoti, madaniyati va adabiy muhitini chuqur aks ettiradi. Shu bois Ogahiyning hayoti va faoliyatini oʻrganish nafaqat adabiyotshunoslik, balki tarix, falsafa, sharqshunoslik va boshqa fanlar kesimida ham muhim ahamiyat kasb etadi.


Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan milliy madaniy merosimizni keng targʻib qilish va tarixiy shaxslarimizning ilmiy-ijodiy faoliyatini chuqur oʻrganish maqsadida “Muhammadrizo Ogahiy” medialoyihasi tayyorlanishi rejalashtirilmoqda. Ushbu loyiha orqali Markaz ekspozitsiyasi yanada boyitilib, ziyoratchilar va tadqiqotchilar uchun yangi, mazmunli kontentlar taqdim etilishi koʻzda tutilgan.


Medialoyiha doirasida Muhammadrizo Ogahiyning ilmiy-ijodiy merosi chuqur tahlil etiladi. Natijada ilmiy ishlanmalar tayyorlanadi, turli interaktiv kontentlar yaratiladi va ular Islom sivilizatsiyasi markazining doimiy ekspozitsiyasiga integratsiya qilinadi.


Loyihada Ogahiyning qoʻlyozmalari, tarixiy hujjatlar, manbalarga asoslangan ilmiy izohlar, shuningdek, vizual materiallar va videoroliklar ishlab chiqilishi kutilmoqda. Bu esa nafaqat tashrif buyuruvchilarga, balki yosh tadqiqotchilar, talabalar va keng jamoatchilikka ham katta manba boʻlib xizmat qiladi.