Yagona maqsad yoʻlida 800+ loyiha: maxsus film va roliklar suratga olinadi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida maxsus filmlar va roliklar suratga olish jarayonlariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Unda markaz rahbari Firdavs Abduxoliqov, Kinematografiya agentligi masʼullari, Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi direktori Furqat Usmonov, “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” vakillari ishtirok etdi.

Yigʻilishda maxsus filmlarni va roliklarni suratga olishda nimalarga ahamiyat berish zarurligi aytib oʻtildi. Oʻzbekiston animatsiya studiyalari assotsiatsiyasi rahbari Abdulatif Haydarov oʻzining bolalar uchun maxsus loyihalarini taqdimot qildi. Fikr-mulohazalar bildirildi. Yangi ishlanadigan animatsion mahsulotlar uchun takliflar bildirildi. Ijodiy jamoaga qoʻshimcha gʻoyalar taqdim etildi.
"Filmlarda kecha, bugun, ertaga rangdor va jozibador gavdalanishi kerak. Kinoijodkorlardan eng soʻnggi texnologiyalardan va salohiyatli kadrlardan foydalanish soʻraladi. Markazda bolalar uchun innovatsion maydon boʻladi. Ana shu yerni munosib kontent bilan toʻldirish animatsiya ustalari zimmasiga yuklanadi. Ular bolalar uchun qisqa va loʻnda roliklar, allomalar va ularning ilm-fanga qoʻshgan hissalarini sodda va ravon tilda tushuntirib beradigan mahsulotlar ishlab chiqarishi kerak. Bunda shunchalik puxta yondashish kerakki, markazga tashrif buyurgan bolalar bilim olib ketsin. Allomalar hayotiga qiziqish uygʻonsin va uylariga qaytganda allomalar hayotini mustaqil oʻrgansin, ularga munosib boʻlish hissi paydo boʻlsin", — Firdavs Abduxoliqov.

Yigʻilishda markaz ekspozitsiyasi uchun hujjatli filmlar tayyorlash, ularni zamonaviy media kontentlar asosida boyitish, targʻibot salohiyatini oshirish takliflari bildirildi. 800 dan ortiq loyihalar mavzular kesimida boʻlib olindi. Shuningdek, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqandda bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmualari haqida keng qamrovli film olishga kelishib olindi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi