Jadidlar haqida yangi medialoyiha tayyorlanishi rejalashtirilmoqda


 

Jadidchilik harakati, umuman, jadidlar faoliyati maʼrifat, madaniyat va sanʼat taraqqiyotining muhim bosqichlaridan biri hisoblangan. Bugungi kunda bu boy merosni chuqur tadqiq qilish, uni zamonaviy shaklda targʻib etish va keng jamoatchilik eʼtiboriga yetkazish muhim vazifalardan sanaladi. 


Shu maqsadda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan “Turkiston jadidlarining taʼlim, madaniyat va sanʼat sohalari rivojidagi oʻrni” nomli yangi medialoyihani amalga oshirish koʻzda tutilmoqda.


Loyihaning birinchi bosqichida Turkiston jadidlarining taʼlim sohasida amalga oshirgan islohotlari va uning mohiyati ochib beriladi. Jumladan, eski maktab va madrasalardagi anʼanaviy uslublarni yangilash, yangi usul maktablarini tashkil etish, darsliklar yaratish, ayollar taʼlimiga eʼtibor qaratish kabi tashabbuslar hujjatli film va boshqa turdagi kontentlar orqali keng yoritiladi.


Hujjatli filmda jadidlarning oʻz davriga xos ilgʻor qarashlari, pedagogik yondashuvlari, madaniy-maʼrifiy ishlari va sanʼatga boʻlgan qarashlari ilmiy-tarixiy asosda ochib beriladi. Tarixiy manbalar, suratlar, shaxsiy kundaliklar va zamonaviy ekspertlar izohlari orqali tomoshabinlar jadidlar olib borgan islohotlarning hayotiy va gʻoyaviy asoslari bilan tanishtiriladi.


Ushbu loyihalar Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasining ajralmas qismiga aylanadi. Bu orqali tashrif buyuruvchilar Turkiston jadidlarining oʻz davridagi oʻrni, taʼsiri va merosiga nisbatan yanada chuqurroq tasavvurga ega boʻlishadi.