Muzey haqida

Muhtaram Prezidentimiz oldimizga buyuk ajdodlarimizning nafaqat mintaqamiz, balki jahonshumul ahamiyatli ulkan ma’naviy merosini haqqoniy va xolisona ko‘rsatib berish vazifasini qo‘yganlar. Binobarin, Islom sivilizatsiyasi markazi shunchaki rivojlanish bosqichlarini ko‘rsatadigan muzey emas, balki xalqimizning bir necha ming yillik tarixi, Vatanimizda yuzaga kelgan yirik sivilizatsiyalar, buyuk ajdodlarimizning beqiyos salohiyatini o‘zida aks ettiruvchi ilmiy-ma’rifiy platforma darajasiga ko‘tarilishi zarur. Markazning muzey ekspozitsiyalarini optimallashtirish, xususan, binoning birinchi qavatidan joy oladigan muzey maydonini oltita bo‘limga ajratish taklif etilmoqda.

Unga ko‘ra binoning markaziy qismidagi Qur’oni karim zalida 67 metrlik gumbaz ostida VII asrda yaratilgan Hazrati Usmon Mus'hafi, O‘zbekistonga aloqador bo‘lgan boshqa qadimiy va bebaho Qur’on qo‘lyozmalari joylashtiriladi.

Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari bo‘limi yurtimiz hududlarida eng qadimgi davrlardan to VIII asr boshlariga qadar shakllangan turmush tarzi, diniy e’tiqod va madaniy hayot haqida to‘la tasavvurni shakllantiradi.

Birinchi Renessans davri bo‘limida Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Imom Buxoriy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy singari ulug‘ allomalar va ularning beqiyos kashfiyotlari, shu davrda yaratilgan ilm-fan, adabiyot va me’morchilik durdonalari o‘z aksini topadi.

Ikkinchi Renessans va o‘zbek xonliklari davri bo‘limida Sohibqiron Amir Temur saltanati va temuriylar davrida yuzaga kelgan yangi yuksalish,

Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod singari allomalar ijodi, shuningdek, boburiylar, shayboniylar, ashtarxoniylar davridagi ilmiy-madaniy muhit batafsil yoritiladi.

“O‘zbekiston XX asrda” hamda “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans poydevori” bo‘limlari o‘tgan asrning boshlarida jadidlar tomonidan ilgari surilgan va bugun Yangi O‘zbekistonda yuz berayotgan ilmiy, madaniy-ma’rifiy sohalardagi o‘zgarishlarni, Vatanimizning bugungi ulkan yutuqlari, xalqimiz hayot tarzini o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, nodir qo‘lyozmalar, bosma va elektron nashrlarni o‘z ichiga oladigan Markaz kutubxonasi ham O‘zbekistonning Islom sivilizatsiyasi rivojidagi o‘rni haqidagi tasavvurlarni boyitishga xizmat qiladi.