
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilgari tariximizda bo‘lmagan ulkan va noyob loyihadir.
Ushbu majmua O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 23-iyundagi qaroriga binoan boshlanib, 2018-yilgi Ramazon hayiti kuni Markaz poydevoriga tamal toshi qo‘yilgan.
Markaz loyihasini amalga oshirishda yuzlab olimlar, ekspertlar, din va jamoat arboblari ishtirok etmoqda.
Poytaxtning tarixiy Qorasaroy ko‘chasida, o‘rta asrlar Samarqand-Hirot me’morchilik uslubida qad rostlagan Markaz binosi 10 gektarga yaqin maydonda joylashgan. Markaz binosining to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar bunyod etilgan, o‘rtada 65 metrli mahobatli gumbaz qurilgan. Markaz binosi tarixiy obidalarga uyg‘un shaklda bunyod etilgan. Gumbaz va peshtoqlar, naqshlarning o‘zaro uyg‘unligi unga alohida ko‘rk va salobat bag‘ishlagan.
Islom sivilizatsiyasi markazi quyidagi tarkibiy qismlardan iborat: ilmiy-tadqiqot bo‘limlari, nodir qo‘lyozmalar milliy reyestrini yuritish bo‘limi, qo‘lyozmalar fondi, kutubxona va arxivlar, xalqaro bo‘lim, ziyorat turizmi, manbashunoslik va nashriyot faoliyati bo‘limlari.
Markaz binosida ma’lumotlarni raqamlashtirish va restavratsiya laboratoriyalari, ustaxonalar, artefaktlar va qo‘lyozmalar uchun izolatorlar, qo‘lyozmalar va qimmatli nashrlarni tarjima qilish va kodlash bo‘limlari, muzey eksponatlari va nodir qo‘lyozmalar fondi joylashadi.
Birinchi qavatda 15 000 kvadrat metr maydonni egallagan ko‘rgazma-galereya joylashadi. Unda turli tarixiy davrlarga oid buyumlar va artefaktlar namoyish etilib, ajdodlarimizning ijodiy salohiyati zamonaviy texnologiyalar va raqamli qurilmalar yordamida yoritiladi.
Ikkinchi qavatda esa 100 000 dona qo‘lyozma va litografiya, bir milliondan ortiq kitoblarni o‘z ichiga olgan ulkan kutubxona joylashadi. Shuningdek, mazkur qavatda Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy bo‘limi va xalqaro tashkilotlarning ofislari ham joylashadi.
Markazning muzey ekspozitsiyasi “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans davri”, “Ikkinchi Renessans davri”, “O‘zbekiston – XX asrda”, “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans poydevori”, “Qur’oni karim” zallaridan iborat bo‘ladi. Ushbu bo‘limlar yurtimizdagi sivilizatsiya rivojlanishining turli davrlarini aks ettiradi.
Mazkur davrlar tarixi turli ashyolar, qo‘lyozma manbalar, suratlar va multimedia vositalari orqali namoyish etiladi. Xorazmiy, Farg‘oniy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Burhoniddin Marg‘inoniy, Mahmud Zamaxshariy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur, Ali Qushchi kabi alloma va mutafakkirlarning serqirra faoliyati haqida ma’lumot beriladi. Abu Hafsi Kabir, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abul-Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Xo‘ja Ahror Valiy kabi ulamolarning islom ma’rifatiga qo‘shgan hissasi atroflicha yoritiladi.
Majmuada Bibixonim, Xonzodabegim, Gavharshodbegim, Gulbadanbegim, Nodirabegim, Uvaysiy, Anbar Otin kabi tariximizda chuqur iz qoldirgan mashhur ayollarning ilm-ma’rifat homiysi sifatidagi faoliyati ham o‘z ifodasini topadi. Bu ekspozitsiya bugungi qizlar uchun ibrat bo‘lib xizmat qiladi.
Ekspozitsiyaning eng markazida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda musulmon dunyosining ma’naviy durdonasi – qadimiy Usmon Mus'hafi joylashtiriladi. Shuningdek, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, O‘zbekxon, temuriylar va boshqa tarixiy sulolalar davrida yaratilgan Qur’oni karimning qo‘lyozma nusxalari va ularning eski o‘zbek tilidagi tarjimalari qo‘yiladi. Qur’onning jahondagi eng nodir qo‘lyozmalaridan namunalar ham o‘rin oladi. Bulardan tashqari, bir qator diniy-ma’rifiy va innovatsion media loyihalar ustida ishlar olib borilmoqda.
“Vaqt kapsulasi” tashrif buyuruvchilar kelajak avlodlarga xabarlar qoldiradigan interaktiv loyihaga aylanadi. Unda mehmonlar o‘z fikr-istaklarini kelgusi avlodlarga yetkazish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
“Vaqt devori” ulkan multimedia paneli bo‘lib, unda golografiya, installyatsiyalar va proyeksion texnologiyalar yordamida turli davrlarning muhim tarixiy bosqichlari, buyuk kashfiyotlari va mashhur shaxslari jonlantiriladi.
Ushbu texnologik yechimlar tashrif buyuruvchilarni ekspozitsiya bilan tanishtiribgina qolmay, balki ularni asrlar osha qiziqarli sayohatga yuborish imkonini yaratadi.
Markaz tomonidan qator xalqaro tashkilotlar, jumladan, YUNЕSKO, AYSЕSKO bilan hamkorlik o‘rnatildi. 2024 yil avgustda Toshkent va Samarqand shaharlarida “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans poydevori” mavzusidagi VIII xalqaro kongress o‘tkazildi. Unda 40 yaqin mamlakatlardan kelgan 400 dan ziyod xorijiy olimlar qatnashib, Markaz konsepsiyasi bo‘yicha qimmatli taklif va tavsiyalar bildirdi.
Markaz ekspozitsiyasini shakllantirishda “Sivilizatsiyalar, shaxslar, kashfiyotlar” tamoyiliga qat’iy rioya qilish ko‘zda tutilgan. An’anaviy muzey yondashuvidan farqli ravishda, Markazda islom sivilizatsiyasi muzey eksponatlari bilan emas, balki hozirga qadar dunyodagi birorta muzey qo‘llanmagan yondashuv –– buyuk shaxslar va ularning kashfiyotlari orqali taqdim etiladi.
Markaz ekspozitsiyasini boyitish maqsadida 800 dan ortiq ilmiy loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Ular uch bosqichda bajariladi:
▪️ Birinchi bosqich – 2025 yil avgustgacha,
▪️ Ikkinchi bosqich – 2025 yil dekabrgacha,
▪️ Uchinchi bosqich – 2026 yil oxirigacha.
Loyihalarga 2 000 nafar mahalliy va xorijiy olimlar, tadqiqotchilar, 110 dan ortiq tashkilot jalb etilgan. Loyihalarni amalga oshirishda 50 dan ziyod mamlakatdan 600 dan ortiq xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.
Birinchi bosqich uchun 403 ta loyiha tanlab olindi.
Bugungi kunda Markaz binosining qurilishi yakuniy bosqichga kirgan.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy-ma’rifiy va diniy-ma’naviy infratuzilmaning yangi innovatsion shaklini o‘zida mujassam etgan xalqaro platforma bo‘lib, uning asosiy vazifasi — buyuk ajdodlar merosini o‘rganish va targ‘ib qilish, “Yangi O‘zbekiston — Uchinchi Renessans poydevori” g‘oyasini ommalashtirish hamda xalqimizning o‘tgan davr va Yangi Renessans zamonidagi yutuqlarini chuqur tadqiq qilishdan iborat.