Frederik Bressand: “Oʻzbekiston Prezidentining tashabbusi katta jasorat va dono siyosat belgisidir”

Fransiyalik tarixchi olima, Temuriylar davri sanʼati boʻyicha mutaxassis, Fransiyadagi Temuriylar jamiyati rahbari Frederik Bressandning fikricha, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan benazir maydon boʻlib, u yosh avlodga oʻtmishni yangicha koʻz bilan anglash imkonini yaratadi. Olima ayniqsa, Temuriylar davri madaniyati va ilmiy merosi hamda Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek va Zahiriddin Bobur singari ulugʻ shaxslarga bagʻishlangan ekspozitsiyalarni alohida eʼtirof etdi.
— Avvalo shuni aytishim kerakki, men markazning koʻlami va nafisligidan hayratdaman. Bu maskan boy madaniyatingizni, ayniqsa men mutaxassisi boʻlgan va chuqur hurmat qiladigan Temuriylar davrini his etish imkonini beradi.
Bu markaz nafaqat dunyo jamoatchiligi yoki Oʻzbekistonga tashrif buyuradigan mehmonlar, balki oʻzbek xalqi, ayniqsa yosh avlod uchun ham katta ahamiyatga ega deb oʻylayman. Endilikda zamonaviy texnologiyalar yordamida ular bu bilimlarni yanada chuqurroq oʻrganish imkoniga ega boʻladilar. Bu shubhasiz, taʼlimning muhim qismi.
Bu yerda namoyish etilgan eksponatlar juda yuqori sifatda tayyorlangan va koʻp maʼlumot beradi. Ayniqsa, Amir Temur, Ulugʻbek Mirzo va Husayn Boyqaro davrida Hirotda gullab-yashnagan miniatyura sanʼati haqida keng maʼlumot berilgan. Oʻsha davrda kitobat va tasviriy sanʼat nihoyatda yuksak darajada boʻlgan. Menimcha, XIV–XV asrlar bu madaniyatning eng yuksak choʻqqisidir. Keyinchalik, Boburiylar davrida bu anʼanalar biroz davom etgan boʻlsa-da, aynan Temuriylar davri eng yuksak bosqich boʻlib qolgan. Bu jarayon butun islom olamiga katta taʼsir koʻrsatganini koʻrish mumkin. Temuriylar sulolasi 150 yil hukmronlik qilgan, ammo Bobur orqali Hindistonda davom etib, butun islom meʼmorchiligi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan.
Men Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslarini qadrlayman. Bu — madaniyatga qaratilgan juda muhim va oʻz vaqtida koʻrilgan tashabbus. 37 yil avval men Temuriylar jamiyatini tashkil qilgan paytimda, madaniyatga eʼtibor juda kam edi — hatto Oʻzbekistonda ham. Ammo oʻtgan oʻttiz yil ichida madaniyatning naqadar muhim soha ekanini, u orqali xalqaro eʼtibor va hurmat qozonish mumkinligini koʻrdim. Endilikda bu markaz orqali Oʻzbekiston madaniyatning asl qadri va maʼnosini butun dunyoga koʻrsatyapti.
Markazning eng muhim jihatlaridan biri shundaki, u islom dinini tinchlik, bagʻrikenglik, muloqot va maʼrifat manbai sifatida dunyoga koʻrsatmoqda.
Shuningdek, Markazda islomdan avvalgi davr madaniy merosi ham namoyish etiladi, bu anʼanalar islom sivilizatsiyasi tarkibiga singdirilganini koʻrish mumkin. Hatto zardoʻshtiylikdan kelib chiqqan ayrim gʻoyalar ham bu jarayonda oʻz aksini topgan.
Bu ilmiy va madaniy meros — sizlar uchun bebaho xazina. Oʻzbek xalqining mutafakkirlarga hurmati, tasavvuf anʼanalari va imonga insoniy yondashuvi Markaziy Osiyoni boshqalardan ajratib turadi.
Oʻzbekiston Prezidentining BMTning 80-sessiyasidagi nutqida aytilgan fikrlarni toʻliq qoʻllab-quvvatlayman. U juda muhim va ijobiy xabar berdi. Ekstremizm kuchayib borayotgan bir paytda bunday tashabbuslarning amalda roʻyobga chiqishi — bu markaz kabi loyihalarning yaratilishi — katta jasorat va dono siyosat belgisidir.
Kelajakda Islom sivilizatsiyasi markazi mazmuni yanada boyib borishiga ishonaman. Ayniqsa, asl nusxadagi eksponatlar, qadimiy hujjatlar, miniatyuralar, Temurning Yevropadagi tasvirlariga oid materiallar qoʻshilsa, markaz yanada mukammallashadi.
Men Samarqandning faxriy fuqarosi sifatida “Shohi Zinda” ansambliga alohida boʻlim ajratish taklifini bildirgan edim. Bu majmua butun dunyoda oʻziga xos yodgorlikdir. “Shohi Zinda” Temurning opa-singillari va ayollariga bagʻishlangan boʻlib, bu orqali Temuriylar davrida ayollarning jamiyatdagi oʻrni ham yuksak boʻlganini koʻrish mumkin. Xususan, Saroymulkxonim singari ayollar davlat ishlarida ham faol ishtirok etganlar.
Xulosa qilib aytganda, Islom sivilizatsiyasi markazi dunyo uchun katta ahamiyatga ega. Bu maskan tarix, sanʼat va din uygʻunligining yorqin namunasi boʻlib, kelajakda eng yirik madaniy markazlardan biriga aylanishi shubhasiz.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma