40 nafar maʼnaviyat targʻibotchilari Markaz ekspozitsiyalarida bilan tanishdi
Maʼnaviyat va maʼrifat tarixdan uzilgan holda shakllanmaydi — uni his qilish, anglash va zamonaviy tafakkur bilan bogʻlash muhim. Shu maqsadda Toshkent viloyatidagi 22 ta tuman va shahar maʼnaviyat-maʼrifat boʻlimlarining rahbarlari hamda mahalliy gazetalar bosh muharrirlaridan iborat 40 nafar maʼnaviyat targʻibotchilari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurishdi.
Tashrif chogʻida ishtirokchilar Markaz ekspozitsiyalarida aks ettirilgan keng qamrovli tarixiy jarayonlar – islomdan avvalgi davrdan tortib Birinchi, Ikkinchi Renessans bosqichlari va Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot yoʻlini yaqindan kuzatdilar. Ilmiy jihatdan puxta ishlangan mazmun, vizual yaxlitlik va zamonaviy taqdimot usullari mehmonlarda chuqur taassurot qoldirdi.
Maʼnaviyat-maʼrifat vakillarining sayohati “Shon-sharaf zali”dan boshlandi. Bu yerda Oʻzbekiston zaminida shakllangan yuksak sivilizatsiya, buyuk ajdodlarimizning jahon ilm-fani va maʼnaviyati rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasiga oid monumental kompozitsiyalar yaratilgan.
Islomdan avvalgi davrga bagʻishlangan ekspozitsiyalar, qadimiy shahar madaniyati, arxeologik topilmalar va xalqlar hayotiga oid tasvirlar tashrif ishtirokchilarida alohida qiziqish uygʻotdi. Birinchi va Ikkinchi Renessans boʻlimlarida esa buyuk allomalarning hayoti va ilmiy merosi, qoʻlyozmalar, ixtirolar hamda interaktiv yechimlar orqali taqdim etilgan maʼlumotlar tarixiy jarayonlarni chuqur anglash imkonini berdi.
Ayniqsa, milliy liboslar, ayollarning anʼanaviy kiyimlari, qadimiy shaxmat va shashka oʻyinlari orqali tarixiy muhitning jonli aks ettirilishi mehmonlarni oʻsha davr ruhiga goʻyo olib kirgandek taassurot qoldirdi.
Nazokat Umarova, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Chirchiq shahar boʻlimi rahbari:
– Biz yoshlarni muntazam ravishda muzeylarga olib borishga alohida eʼtibor qaratamiz. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifimiz ham bejiz emas. Bu yerda Birinchi, Ikkinchi davrlari va Yangi Oʻzbekistonning izchil va uzviy rivoji yaqqol namoyon etilgan. Tibbiyot, taʼlim, harbiy yoki madaniy sohalar boʻladimi - har biri oʻz tarixi va taraqqiyoti bilan yaxlit tarzda aks ettirilgani juda qimmatli.
Anorboyev Salim, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Toshkent viloyati boʻlimi rahbari:
– Bu maskan haqida avval eshitgan edim, ammo uni oʻz koʻzim bilan koʻrib, mutlaqo boshqacha taassurot oldim. Ayniqsa, Abu Ali ibn Sino bobomizning “Tib qonunlari” asari orqali insoniyat salomatligiga qoʻshgan ulkan hissasini koʻrib, shu muborak zamin farzandi ekanimdan faxrlandim. Ishonchim komilki, ushbu Markaz nafaqat Oʻzbekiston, balki butun islom olami va jahon miqyosida Yangi Renessans gʻoyalarini targʻib etuvchi yuksak maʼnaviyat maskaniga aylanadi.
Biz Toshkent viloyatidagi 22 ta tuman va shaharlarda faoliyat olib borayotgan maʼnaviyat targʻibotchilari sifatida bu yerda olgan taassurotlarimizni keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar orasida faol targʻib qilamiz. Yoshlar, nuroniylar va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni ushbu Markazga olib kelishni oʻz oldimizga muhim vazifa qilib qoʻyganmiz.
Tashrif ishtirokchilarining umumiy xulosasiga koʻra, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mazmunan boy ekspozitsiyalari, keng tarixiy qamrovi va zamonaviy taqdimot uslubi bilan maʼnaviyat va maʼrifat sohasida faoliyat yuritayotgan barcha tuzilmalar uchun muhim ilmiy-maʼrifiy maskan hisoblanadi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma