Ezgulik va inson haqidagi ilk taʼlimot: sugʻd yozuvidagi Avesto sahifasi ekspozitsiyada

Qadimgi Xorazmda yuzaga kelgan zardushtiylik taʼlimoti va uning muqaddas manbasi — “Avesto” kitobi jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotida alohida oʻrin tutadi. Bugun ushbu bebaho maʼnaviy meros namunasi, yaʼni Sugʻd yozuvidagi Avesto sahifasi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasining Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari boʻlimida namoyish etiladi.
“Avesto” Turon xalqlarining islomdan avvalgi davrda yetakchi boʻlgan zardushtiylik dinining muqaddas kitobi sifatida insoniyat maʼnaviy tafakkurining eng qadimiy yodgorliklaridan biridir. Unda ilk bor borliqni yaratgan yagona iloh gʻoyasi ilgari suriladi, inson va uning halol mehnati ulugʻlanadi. Olamdagi yaxshilik va yomonlik kurashi markaziy gʻoya sifatida talqin etilib, ezgulik rahnamosi Ahura Mazda, yovuzlik timsoli esa Axriman sifatida tasvirlanadi.
Avestoda yaxshilikning gʻalabasi bashorat qilinib, olamni yomonlikdan qutqarishda inson omili hal qiluvchi kuch sifatida koʻrsatiladi. Asarning asosiy axloqiy-falsafiy shiori boʻlgan “Ezgu niyat, ezgu soʻz, ezgu amal” tamoyili bugungi kunda ham umuminsoniy qadriyat sifatida oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan.
Markaz ekspozitsiyasida namoyish etilayotgan XIII asrga oid “Avesto” kitobi sahifasi mazkur muqaddas matnning asrlar davomida ehtiyotkorlik bilan saqlanganini, uning maʼnaviy qadri qanchalik yuksak boʻlganini yaqqol koʻrsatadi. Bu sahifalar nafaqat diniy matn, balki oʻz davrining yozuv madaniyati, kitobat sanʼati va muhitini ham ifoda etadi.
Shuningdek, ekspozitsiyada VII–VIII asrlarga mansub sugʻd yozuvidagi Avesto duo parchasi alohida eʼtiborni tortadi. Avesto matnlarining sugʻd yozuvida saqlanib qolgan bu kabi nusxalari juda kamyob boʻlib, ular zardushtiylik gʻoyalarining turli xalqlar va madaniy muhitlar orasida tarqalganidan dalolat beradi. Sugʻd yozuvida bitilgan sahifasida ilohiy soʻzlar, ibodat va ezgulikka daʼvat mujassam boʻlib, “Haqiqat oliy neʼmat” degan gʻoya markaziy oʻrinni egallaydi. Unda quyidagicha yozilgan: “Haqiqat oliy neʼmat. Men Haqni deyman, haqiqat istagimdir, Haqiqatdir Haq ifodasi…”.
Ekspozitsiyadagi yana bir nodir yodgorlik — Avesto yozuvidagi “Avesto” varogʻidir. Avesto yozuvi maxsus alifboga asoslangan boʻlib, aynan zardushtiylikning muqaddas matnlarini yozish uchun yaratilgan. U oʻngdan chapga qarab yoziladi, harf va ligaturalar tizimi orqali matnning aniq talaffuzi va mazmunini saqlash maqsad qilingan.
– Avesto tili qadimiy tillardan biri sifatida asosan diniy matnlarda qoʻllanilgan boʻlib, keyinchalik paxlaviy yozuvi kabi yangi yozuv tizimlarining shakllanishiga zamin yaratgan. Bu yozuv anʼanalari qadimgi Xorazm va unga tutash hududlarda yuksak maʼnaviy madaniyat mavjud boʻlganidan dalolat beradi, – dedi Islom sivilizatsiyasi markazi yetakchi ilmiy xodimi Anvar Matniyazov.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida Avesto va unga oid yodgorliklarning Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari boʻlimida namoyish etilishi bejiz emas. Bu eksponatlar xalqimiz maʼnaviyati, dunyoqarashi va axloqiy qadriyatlari islom kirib kelganidan keyin emas, balki ming yillar davomida shakllangan uzluksiz sivilizatsion jarayon mahsuli ekanini koʻrsatadi.
Avesto — faqat zardushtiylik dinining muqaddas kitobi emas, balki umumbashariy sivilizatsion hodisa, inson tafakkuri tarixining faxrli sahifasi. Uni asrab-avaylash, oʻrganish va keng jamoatchilikka taqdim etish esa milliy oʻzlikni anglash, tarixiy xotirani mustahkamlash yoʻlidagi muhim qadamdir.
Durdona Rasulova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma