Huquq himoyachilari buyuk tarix bilan yuzma-yuz kelishdi

 

 

 

Tarix bilan yuzma-yuz kelish, asrlar davomida shakllangan ilm va maʼnaviyat muhitini bir makonda his etish mumkinmi? Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlari prokuraturalarining 20 nafar vakillaridan iborat delegatsiya Prezidentimiz tashabbusi va gʻoyasi asosida bunyod etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurar ekan, mazkur savolga javobni shu maskanda topdi. Markazda tarixiy davrlarning izchil yoritilishi, ekspozitsiyalarning yaxlit mazmuni va zamonaviy texnologiyalar bilan uygʻun taqdim etilishi mehmonlarda chuqur taassurot qoldirdi.

 

Delegatsiya aʼzolari uchun Markaz ekspozitsiyalari bilan tanishuv “Shon-sharaf zali”dagi mozaika uslubida yaratilgan monumental kompozitsiyalardan boshlandi. Ushbu tasvirlarda buyuk ajdodlarimizning jahon ilm-fani va madaniyati taraqqiyotiga qoʻshgan ulkan hissasi ravshan aks ettirilgan boʻlib, zalda shakllangan muhit Oʻzbekiston zaminida vujudga kelgan sivilizatsiyaning keng qamrovini yaqqol namoyon qildi.

 

 

 

Muzeyning “Islomdan avvalgi davr” boʻlimida qadimiy sivilizatsiyalar, ilk shahar madaniyati hamda arxeologik topilmalar asosida tayyorlangan ekspozitsiyalar, xususan, Fargʻonaning afsonaviy otlari tasvirlangan ekspozitsiya delegatsiya aʼzolarida alohida qiziqish uygʻotdi.

 

Birinchi va Ikkinchi Renessans boʻlimlarida buyuk allomalarning hayoti va ilmiy merosi, qoʻlyozmalar hamda kashfiyotlar interaktiv formatda taqdim etilgani, shuningdek, raqamli yechimlar orqali berilgan maʼlumotlar tarixiy jarayonlarni izchil va yaxlit anglash imkonini berdi.
 
Tashrif davomida eng katta eʼtiborni tortgan boʻlimlardan biri Qurʼoni Karim zali boʻldi. Bu yerda VII asrga mansub, islom dini tarixida alohida ahamiyat kasb etuvchi asl Usmon mushafi namoyish etilgan boʻlib, uni bevosita koʻrish mehmonlar tomonidan yuksak maʼnaviy qadriyat sifatida baholandi.

 


Meggi Gurchiani, Gruziya Bosh prokuraturasi huzuridagi Xalqaro hamkorlik boʻlimi prokurori:

 

– Toshkentga, xususan, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga ilk bor tashrif buyurdim. Menimcha, tarixni aynan shunday zamonaviy usullar orqali namoyish etish bugungi kun uchun eng toʻgʻri yondashuvdir. Prezidentingiz Mirziyoyev janobi oliylarining madaniy meros va maʼrifiy yoʻnalishga bu qadar yuksak eʼtibori hamda gʻamxoʻrligi juda tahsinga sazovor.


Bu Markaz yosh avlod uchun juda muhim maskan, deb oʻylayman. Bugungi yoshlar raqamli avlod va bu yerda qoʻllanilgan interaktiv texnologiyalar ularni tarix va madaniyatga yanada yaqinlashtiradi. Markaz ekspozitsiyalarida ilgari faqat kitoblarda oʻqigan tarixni bevosita koʻrish va his qilish mumkin. Bu Markazni albatta boshqalarga ham tavsiya qilaman.

 

 

Amina Kazbekova, Qozogʻiston Respublikasi Bosh prokuraturasi vakili:

 

– Markazning zamonaviyligi, muzeyda yaratilgan installyatsiyalar, interaktiv ekranlar hamda sunʼiy intellekt elementlaridan foydalanilgani meni chin dildan hayratga soldi. Bu yerda yaratilgan muhit insonni chuqur tarix qaʼriga olib kiradi. Goʻyo oʻsha davr ichida yurgandek boʻlasiz: bozorlar boʻylab sayr qilasiz, Buyuk Ipak yoʻli izlari boʻylab harakatlanayotgandek his qilasiz. Tarixga bunchalik yaqin boʻlish juda yoqimli va taʼsirli.

 


Tilek Kudoyarov, Qirgʻiziston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Xalqaro huquqiy hamkorlik boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari:

 

– Ilgari ham koʻplab yirik muzeylarda boʻlganman, ammo bu Markaz oʻz koʻlami va mazmuni bilan alohida ajralib turadi. Markazda kasbiy faoliyatim bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ekspozitsiyalarni ham koʻrdim. Xususan, buyuk allomalarga oid konstitutsiyaviy-huquqiy qarashlar aks etgan boʻlimlar bizning soha uchun katta ahamiyatga ega. Yosh mutaxassislarga eng muhim maslahatim — tarixni chuqur oʻrganishdir. Buni aynan shunday maskanlarga tashrif buyurish orqali his etib anglash mumkin. Inson faqat oʻz tarixini emas, balki qoʻshni xalqlar tarixini ham bilishi zarur. Chunki Oʻzbekiston va Qirgʻiziston tarixlari oʻzaro chambarchas bogʻliq. Soʻngi yillarda davlatlarimiz rahbarlarining oʻzaro doʻstlik va birodarlik munosabatlari ham yuqori choʻqqiga chiqmoqda. Oʻylaymanki, hamkorligimiz barcha sohalarda faqat yuksaladi.

 


Fuad Huseynov, Ozarbayjon Respublikasi Bosh prokuraturasi Ekstraditsiya va huquqiy yordam boʻlimi prokurori:

 

– Men avvalo mazkur majmuani bunyod etgani va butun dunyo xalqlari uchun maʼrifiy platformani tashkil etgani uchun Prezident Shavkat Mirziyoyev janobi oliylariga chuqur hurmatim va tashakkurimni bildiraman. Markazda Qurʼoni karimdagi moʻʼjizalar haqida juda muhim maʼlumotlarga ega boʻldim. Eng hayratlanarlisi — bu moʻʼjizalar VII asrdayoq tilga olingani va bugun ularni nafaqat eshitish, balki bevosita koʻrish imkoniga ega boʻlganimdir. Buni oʻz koʻzim bilan koʻrdim, oʻz qulogʻim bilan eshitdim. Avvalroq Qurʼonning ayrim tarixiy nusxalarini Amir Temur muzeyida koʻrgan edim, bugun esa aynan shu Markazda ularning mazmuni va mohiyati chuqur ochib berilmoqda.


Bu Markazda har bir insonni oʻylantiradigan va hayratga soladigan tarixiy hamda maʼnaviy eksponatlar bor. Ular insonni mulohazaga chorlaydi, qalbiga taʼsir qiladi. Shu bilan birga, ayrim qadriyatlarning Kavkaz mintaqasi, xususan, Ozarbayjon  bilan bogʻliqligi xalqlarimiz oʻrtasidagi mushtarak tarixni yana bir bor eslatadi. Bugun Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va ushbu mintaqalar oʻrtasidagi doʻstona va birodarlik rishtalari madaniyat va maʼnaviyat orqali yanada mustahkamlanib bormoqda.

 

 

Delegatsiya aʼzolarining umumiy xulosasiga koʻra, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mazmunan boy ekspozitsiyalari, keng tarixiy qamrovi va zamonaviy taqdimot uslubi bilan xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan muhim ilmiy-maʼrifiy maskan hisoblanadi.