Yoshi va tarixi haqida “gapiradigan“ asar: Londondan qaytarilgan XI asrga oid bronza artefakt nimani anglatadi?
Fil qiyofasidagi oyoqchalar, nafis geometrik naqshlar va asrlar osha saqlanib qolgan bronza idish… Siz suratda koʻrib turgan bu idish oddiy roʻzgʻor buyumi emas. Bu XI–XII asrlarda Movarounnahr hududida yaratilgan va Londondan Oʻzbekistonga qaytarilgan noyob sanʼat asaridir. Bugun u Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan oʻrin olib, sizni Birinchi Renessans davri maʼnaviy olamiga boshlaydi.
XI–XII asrlarda Movarounnahr hududida yaratilgan bronza isiriqdon oʻrta asr metallga ishlov berish sanʼatining yorqin namunasidir. Ushbu buyum faqat amaliy idish sifatidagina emas, balki oʻz tuzilishi, bezagi va ramziy yechimlari orqali maʼnaviy mazmun kasb etgan sanʼat asari sifatida qaraladi.
Isiriqdon bronzadan yasalgan boʻlib, keng ogʻizli kosacha va uni koʻtarib turuvchi uchta tayanchga ega. Bu tayanch oyoqlar fil qiyofasida ishlangani bilan eʼtiborni tortadi va maxsus marosimlar uchun ishlatilgan qimmatli ashyo ekanligidan darak beradi.
Goʻzal Vahobova, sanʼatshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori:
“Islomiy oʻrta asrlar davrida bunday bronza idishlar asosan xushboʻy hid tutatish, yaʼni baxur yoqish uchun qoʻllanilgan. Arxeologik topilmalar va yozma manbalarga qaraganda, baxur tutatish odati makonni hid orqali tozalash, uni maʼnaviy jihatdan poklash bilan bogʻliq boʻlgan. Shu sababli bunday idishlar oddiy roʻzgʻor buyumi emas, balki marosim va ibodat jarayonlarida ishlatiladigan maxsus ashyo sifatida qadrlangan.
Eksponat yuzasidagi naqshlar islomiy geometrik bezaklar bilan turli madaniy anʼanalarga xos ramzlarni birlashtirgan. Ayniqsa, fil obrazining qoʻllanilishi diqqatga sazovor. Bu holat Markaziy Osiyo hududining Hindiston va boshqa mintaqalar bilan yaqin madaniy aloqada boʻlganini koʻrsatadi. Yaʼni bu ashyo mahalliy hunarmandchilik mahsuli boʻlishi bilan birga, turli madaniyatlar taʼsirida shakllangan badiiy tafakkurni ham oʻzida mujassam etgan”.
Bronza oʻrta asrlarda keng ishlatilgan, mustahkam va uzoq saqlanadigan qotishma hisoblangan. Vaqt oʻtishi bilan idish yuzasida paydo boʻlgan yashil tusli tabiiy qatlam — patina — buyumning qadimiyligini yaqqol koʻrsatadi. Bu qatlam ashyoni buzib qoʻymaydi, aksincha, uning naqshlari va relefini yanada chuqur va taʼsirchan qilib koʻrsatadi. Shuning uchun mutaxassislar mazkur noyob artefakt tarkibi boʻlgan patinani asarning yoshi va tarixi haqida “gapirib turadigan” tabiiy belgi sifatida baholaydilar.
Movarounnahr hududida XI–XII asrlarda qoraxoniylar va gʻaznaviylar davrida yirik savdo yoʻllari kesishgan, hunarmandchilik va madaniyat ravnaq topgan markaz boʻlgan. Shu bois bu asarni mahalliy anʼanalar bilan birga, mintaqalararo badiiy taʼsirlarni aks ettirgan qimmatli eksponat, deyish mumkin.
Artefakt Londondan Oʻzbekistonga qaytarilgan boʻlib, hozirda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida saqlanmoqda va keng jamoatchilikka namoyish etilmoqda.
Laylo Abduqaxxorova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma