Ozarbayjon energetika vaziri: “Har bir eksponat menda hayrat uygʻotdi”

 

Toshkent shahri Xalqaro kongress markazida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yangi energetika quvvatlari va infratuzilma obektlarini ishga tushirish hamda navbatdagilarining qurilishini boshlashga bagʻishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi. Shuningdek, qator davlatlardan kelgan energetika vazirlarini qabul qildi. 

 


Shundan soʻng energetika vazirlari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini koʻzdan kechirishdi. 

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Ozarbayjon Respublikasi energetika vaziri Parviz Shahbozov tashrif buyurdi. Mehmon Markaz faoliyati, ekspozitsiyasi hamda ahamiyatga molik qoʻlyozmalar, nodir artefaktlar va zamonaviy muzey texnologiyalari bilan yaqindan tanishdi.

 

 

 

Tashrif davomida vazir Parviz Shahbozov Markaz haqida katta taassurot bilan fikr bildirib, uni Sharq sivilizatsiyasining muhim boyliklarini jamlagan betakror maskan sifatida taʼkidladi.

 

— Bu binoga nazar tashlaganimdanoq, uning haqiqatan ham moʻʼjiza ekanini his qildim. Juda goʻzal, juda boy inshoot. Bu faqat Oʻzbekiston tarixiga emas, balki bizning umumiy tariximizga tegishli. Chunki xalqlarimiz qardosh, ildizlarimiz bir, tilimiz va dinimiz mushtarak. Shu bois bu yerdagi har bir eksponat, har bir artefakt oʻzimizga ham yaqin. Eng muhimi, ishonch bilan aytish mumkinki, ushbu markaz orqali Oʻzbekiston, Ozarbayjon hamda barcha turkiy xalqlarning qadimiy va boy madaniyatini muvaffaqiyatli namoyish etyapsiz. Bugun shu goʻzal Toshkent shahrida, Prezident tashabbusi bilan bunyod etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida boʻlganimiz, Islom tarixi bilan bevosita tanishganimiz, nodir eksponatlar va bebaho qoʻl ishlarini koʻrganimizdan juda mamnunman. Rostini aytsam, deyarli barcha eksponatlar menda hayrat uygʻotdi. Bu diyorning sivilizatsiya beshigi ekanini isbotlovchi boy namunalar “Buyuk ipak yoʻli”ni yorqin va ravshan tarzda aks ettirib, qadimiy davlatchilikni namoyish etuvchi xaritalar — barchasi diqqatga sazovor. Qadimiy topilmalar esa alohida eʼtiborga loyiq oʻta nodir namunadir, - dedi Ozarbayjon Respublikasi energetika vaziri Parviz Shahbozov.

 

Shuningdek, mehmon Markazning ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlari, xalqaro hamkorlik dasturlari va turkiy davlatlar bilan madaniy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan loyihalarni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

 

Tashrif yakunida Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov mehmonga tashrif uchun minnatdorlik bildirdi.

 

— Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifingiz biz uchun katta sharaf. Markaz barcha turkiy xalqlarning mushtarak merosini bir maskanda jamlab, uni jahonga yetkazishni maqsad qilgan. Ekspozitsiyamizni yuqori baholaganingiz va samimiy mulohazalaringiz uchun minnatdorchilik bildiramiz,” — dedi Firdavs Abduxoliqov.

 

 

Tashrif yakunida mehmonlarga Markazning esdalik toʻplamlari taqdim etildi.