BAA energetika va infratuzilmalar vaziri: “Islom sivilizatsiyasi markazi - Oʻzbekistonning ilmiy-maʼnaviy qudratini dunyoga namoyon etuvchi bebaho maskan”
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat maʼrifat manbai, balki Oʻzbekistonning zamonaviy intellektual qiyofasini dunyoga namoyon etayotgan yirik ilmiy-maʼrifiy maydonga aylanmoqda. Markazga dunyoning turli mintaqalaridan, AQShdan, Fransiyadan, Polshadan, Nigeriyadan, Xitoydan, Turkiyadan va boshqa davlatlardan delegatsiyalar tashrif buyurib, bu maskanning ahamiyatini eʼtirof etishmoqda.


Shu nuqtai nazardan, Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilmalar vaziri Suhayl al-Mazruiy boshchiligidagi delegatsiyaning Markazga tashrifi ham alohida ahamiyat kasb etdi.
BAA delegatsiyasi Markazning asosiy ekspozitsiyalari, islom sivilizatsiyasining turli bosqichlariga bagʻishlangan boʻlimlari, qadimiy qoʻlyozmalar, shuningdek, ilmiy merosni jonlantirishga xizmat qiluvchi multimedia installyatsiyalari bilan batafsil tanishdi.


Zamonaviyligi, tarixiyligi bilan uygʻunlashgan Markaz delegatsiya aʼzolarida katta qiziqish uygʻotdi.
Tashrif davomida vazir Suhayl al-Mazruiy taassurotlari bilan boʻlishdi:
“Oʻzbekistonning buyuk sivilizatsiyasi va bu maskanda mujassam boʻlgan ilmiy merosi har qanday insonni oʻziga rom qiladi. Bu yerda nafaqat islom davriga, balki undan avvalgi madaniy qatlamlarga ham yuksak eʼtibor berilgan. Markaz ilm-fanning turli sohalarida oʻzbek olimlari qoʻshgan ulkan hissani teran namoyish etadi.
Bu beqiyos bunyodkorlik uchun Oʻzbekiston Prezidenti va Oʻzbekiston xalqiga chuqur hurmatimni bildiraman. Bu maskan oʻz tarixini yuksak qadrlaydigan, uni kelajak avlodga munosib yetkazishni maqsad qilgan yurtning koʻzgusidir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev qisqa vaqt ichida juda katta ishlarni amalga oshirdi. Uning uzoqni koʻra oladigan, xalq uchun jonbozlik bilan xizmat qiladigan yetakchi ekani bu maskanda ham yaqqol seziladi. Oʻz tarixini anglagan millatning kelajagi porloq boʻladi. Oʻzbekiston bunga yorqin misoldir.”

Vazirning fikriga koʻra, Markaz yosh avlod uchun ham katta ilhom manbai boʻladi:
“Oʻzbek yoshlari juda ziyrak va iqtidorli. Agar ularga toʻgʻri munosib sharoit yaratilsa, bu zamin yana Ibn Sino, Beruniy, Xorazmiy kabi buyuk allomalarni tarbiyalaydi. Kelajak innovatsiyalarining ildizi ham aynan mana shu tarixiy merosda.”

BAA delegatsiyasining bugungi tashrifi Markaz faoliyatiga bildirilgan navbatdagi yuksak xalqaro eʼtirof boʻldi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma