Oʻzbekistonda Islom sivilizatsiya markazining ramziy konseptual asoslari boʻyicha monografiyaning birinchi jildi tayyorlandi
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiya markazida markaz binosining ramziy va konseptual bezaklarini oʻrganish va ularni keng auditoriyaga yetkazishga qaratilgan yirik ilmiy-nashr loyihasi amalga oshirildi. Loyihaning asosiy maqsadi markaz binosining tashqi va ichki bezaklarini oddiy estetik koʻrinishdan tashqari, ularning ramziy va mantiqiy yechimini ochib berish va keng ommaga yetkazishdan iborat.

Ushbu loyiha va monografiyaning mazmun jihatlari Islom sivilizatsiya markazida oʻtkazilgan ilmiy kengash jarayonida koʻrib chiqildi va muhokama qilindi. Yigʻilishda markaz direktori va ilmiy kengash aʼzolari loyihaning maqsad va vazifalari, boblar tartibi, vizual konsepsiyasi masalalarini atroflicha muhokama qilishdi.
Shu maqsadda tayyorlangan “Ramziy konseptual asoslar” nomli monografiyaning birinchi jildi nashrga tayyor boʻlib, uning bir nusxasi nashriyotda chop etildi. Ushbu jildda har bir naqsh va ramzning tarixiy, madaniy va falsafiy maʼnosi tahliliy tarzda yoritilgan.

— Ramzlarni toʻliq tushunish uchun maxsus bilim va ramzlar alifbosini yaxshi bilish talab etiladi. Shuning uchun ushbu monografiya olimlar va ilmiy tadqiqotchilar uchun qoʻllanma sifatida xizmat qiladi, binoning har bir qismi — darvoza, eshik, minora va zallarning ramziy mantigʻini ochib berish imkonini beradi, - dedi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy xodimi Saidaxbor Bulatov.
Monografiyaning birinchi jildi turli universitet va ilmiy markazlarga taqdim etildi va olimlardan ijobiy fikrlar va taqrizlar olindi. Shu asosda kelgusida ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi jildlarni tayyorlash rejalashtirilmoqda. Ushbu jildlar 4 ta tilda — oʻzbek, rus, ingliz va arab tillarida nashr etilishi rejalashtirilgan.
Monografiyaning umumiy hajmi taxminan 300 bet atrofida nashr qilinadi. Shu bilan birga, qoʻllanishi qulay va esdalik sifatida taqdim etilishi uchun kichkina formatdagi variant ham tayyorlanmoqda. Bu formatlar nafaqat vizual jihatdan, balki har bir naqshning tahliliy va ramziy maʼnosini chuqur anglash uchun moʻljallangan.
Loyihaning ilmiy ahamiyati shundaki, u markazning binosi va bezaklarini nafaqat sanʼat va dizayn nuqtai nazaridan, balki tarixiy, ramziy jihatdan ham oʻrganish imkonini beradi. Bu esa kelgusida ilmiy tadqiqotchilar uchun metodologik asos va manba boʻlib xizmat qiladi. Shuningdek, monografiya markazga tashrif buyuradigan har bir mehmon — bolalardan tortib kattalargacha — binoning maʼnaviy va falsafiy mazmunini toʻliq anglab, uning ramziy yechimlarini tushunish imkoniga ega boʻladi.
Mualliflar taʼkidlashicha, ushbu monografiya asosida kelgusida videoroliklar, filmlar va ilmiy nashrlar ham tayyorlash mumkin boʻladi. Shu tarzda Islom sivilizatsiya markazining ramziy va konseptual bezaklarini keng auditoriyaga yetkazish va ularning maʼnaviy qiymatini ochib berishda ushbu nashrning ahamiyati katta hisoblanadi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma