Ipak merosi boʻyicha ikki tomlik kitob-albom yaratish loyihasi tasdiqlandi

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida boʻlib oʻtgan kengaytirilgan ilmiy kengashda Markazning yirik ilmiy-nashr loyihasi — ipakchilik sivilizatsiyasiga bagʻishlangan ikki tomlik kitob-albom tayyorlash masalasi asosiy kun tartibiga qoʻyildi. Yigʻilishda Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov va ilmiy kengash aʼzolari ishtirok etdi.

 

 

 

Muhokamada ikki yoʻnalishda tayyorlanayotgan nashrlar — «Ipak: Sanʼat va Meros» hamda «Ipak: Tarix, Madaniyat va Texnologiya» nomli tomlar uchun boblar tartibi, ilmiy yondashuv, vizual konsepsiya va fotosuratlar boʻyicha takliflar atroflicha koʻrib chiqildi. Sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor Xolida Kamilova soʻzga chiqib, ushbu tomlar haqida batafsil maʼlumot berdi.

 

 

– Loyiha juda ham ajoyib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida shunga oʻxshash loyihalarning amalga oshirilayotgani ham alohida ahamiyat kasb etadi. Yurtimizni butun dunyoga tanitgan mahsulotlardan biri bu – ipak. Shuning uchun ham bu mavzuni imkon boricha keng yoritish lozim, - dedi tarix fanlari doktori, professor Abdumajid Madrahimov.

 

Birinchi tom (Tarix, madaniyat va anʼanalar)da ipakning paydo boʻlishi, qadimiy sivilizatsiyalar va Buyuk Ipak yoʻlidagi oʻrni, Islom olami va Renessanslar davridagi rivojlanishi, ornamentlar, ramzlar hamda anʼanaviy ipak kiyimlari yoritilishi belgilandi.

 

Ikkinchi tom (Zamonaviylik, texnologiya va kelajak)da esa zamonaviy ipak ishlab chiqarish, Oʻzbekistonning bu sohadagi global markaz sifatidagi roli, moda va dizaynda ipakning qoʻllanilishi, interer va sanʼatdagi qiymati, innovatsion tendensiyalar hamda kelajak istiqbollari qamrab olinishi muhokama etildi.

 

Shuningdek, kitob-albomlarga qoʻshimcha ilova sifatida ipakchilik tarixi xronologiyasi, Ipak yoʻllari xaritalari, ornamentlar kataloglari, ustalar portretlari, terminlar lugʻati, shuningdek, dunyo muzeylari va kolleksiyalari roʻyxati kiritilishi maqullandi.

 

Yigʻilish yakunida mazkur ikki tomlikni tayyorlash boʻyicha ishchi guruhlari shakllantirilib, boʻlimlar kesimida aniq vazifalar yuklatildi.