Euronews: “Oʻzbekistonning merosini qayta tiklashga qaratilgan saʼy-harakatlari uzra sayohat”

Nufuzli xalqaro axborot agentligi – Euronews nashri Oʻzbekistonning boy tarixiy merosini tiklash va asrash borasidagi saʼy-harakatlari haqida maqola eʼlon qildi. Maqolada Toshkentda barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi, uning maʼnaviy uygʻonishdagi oʻrni, Oʻzbekistonning tarixiy ahamiyatga ega noyob artefaktlarni qaytarish boʻyicha amalga oshirgan beqiyos ishlari hamda mamlakatning jahon madaniyatidagi nufuzi keng yoritildi.
Toshkent markazida joylashgan yangi, bebaho meʼmoriy inshoot – Oʻzbekistonning maʼnaviy uygʻonishining ramziga aylandi.
2026 yil mart oyida ochilishi rejalashtirilgan Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakatning hozirgacha amalga oshirilgan eng yirik madaniy loyihasi boʻlib, u asrlar davomida shakllangan ilmiy almashinuv, badiiy nafosat va diniy ilmiy merosni namoyish etishga moʻljallangan.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu tashabbusni 2017 yilda BMT Bosh Assambleyasida taqdim etar ekan, islomning insonparvarlik asoslarini ochib berish, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish muhimligini alohida taʼkidladi.
Oʻtgan yil sentabr oyida BMTning 80-sessiyasida u loyiha yakunlanishga yaqinlashganini va Oʻzbekiston dunyo uchun ushbu maʼnaviy-maʼrifiy markazning eshiklarini ochishga tayyorlanayotganini bildirdi.
Tarixni shakllantirgan makon
Islom sivilizatsiyasi markazi 10 gektar maydonda joylashgan boʻlib, uning arxitekturasi tiklangan badiiy anʼanalarni zamonaviy muhandislik yechimlari bilan uygʻunlashtiradi. 65 metr balandlikdagi ulkan gumbaz – Oʻzbekistonning mintaqaviy va milliy birlik ramzi sifatidagi toʻrtta ulkan peshtoqlar bilan oʻralgan. Nozik naqshlar esa Temuriylar davri sanʼati va ilm-fan markazlari boʻlgan Samarqand hamda Buxoro shukuhini eslatadi.
Ichkarida ekspozitsiyalar “Sivilizatsiyalar, Shaxslar va Kashfiyotlar” konsepsiyasi asosida tashkil etilgan. Namoyishlar Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessanslar, shuningdek, “Yangi Oʻzbekiston” bosqichigacha boʻlgan tarixni yoritadi. Qoʻlyozmalar, keramika, noyob metall buyumlari bilan bir qatorda markazning eng nodir asari — VII asrga oid Usmon Qurʼoni boʻlib, u YuNESKOning “Jahon xotirasi” reestriga kiritilgan.
Markazning koʻlami nihoyatda keng:
🔳200 ming jilddan iborat kutubxona
🔳raqamli arxiv
🔳restavratsiya laboratoriyalari
🔳bolalar muzeyi
Yoshlar VR, AR va AI texnologiyalari orqali astronomiya, tibbiyot va sanʼatni oʻrganishi mumkin. Xattotlik maktabi va bosmaxona esa anʼanaviy ilmiy merosga amaliy kirish imkonini beradi.
Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb tashrif chogʻida markazni “hayratomuz taassurotlar girdobi” deb atab, asrlar davomida shakllangan ilmni zamonaviy shaklda jonlantirishdagi mahoratni yuqori baholadi.
Yoʻqotilgan merosning qaytishi
Markaz Oʻzbekistonning madaniy diplomatiyasiga ham yangi surʼat berdi. Prezident Mirziyoyev qayta-qayta taʼkidlaganidek, milliy oʻzlik — xotira va madaniy ildizlar bilan barqaror turadi. Shu bois, xorijda saqlanayotgan milliy meros namunalarini vatanga qaytarish muhim vazifa sifatida belgilangan.
Bu maqsadda markaz direktori boshchiligidagi komissiya — olimlar, sharqshunoslar, sanʼat tarixchilari — Buyuk Britaniya va boshqa davlatlarda keng ilmiy izlanishlar olib bordi. Ular Markaziy Osiyo tarixiga oid qoʻlyozma va artefaktlarning xalqaro kolleksiyalarga qanday kirib borganini oʻrgandilar, auksion uylari, kollektorlar bilan uchrashib, Oʻzbekiston tarixiga daxldor nodir buyumlarni tasnifladilar va identifikatsiya qildilar.
Oksford Islom Tadqiqotlari Markazi ilmiy hamkorlik, akademik almashinuv va qoʻshma koʻrgazmalar oʻtkazishga tayyor ekanini maʼlum qildi. Markaz direktori Farhan Ahmad Nizomiy Tashkentdagi loyihani “maʼnaviy va ilmiy uygʻonish ramzi” deb atadi.
Qisqa vaqt ichida xalqaro auksionlar va shaxsiy kolleksiyalardan 1000 dan ortiq eng nodir artefaktlar Oʻzbekistonga qaytarildi — bu mamlakat tarixidagi eng katta repatriatsiya jarayonidir.
Ular orasida:
➖600 dan ortiq keramika, epigrafika, metall buyumlar, xattotlik va miniatyura sanʼati namunalari
➖ IX asrga oid Qurʼon qoʻlyozmalari parchalari
➖ Temuriylar davri keramika buyumlari
➖ Markaziy Osiyo allomalari asarlari
Shuningdek, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining “Jahon xotirasi” roʻyxatiga kiritilgan 300 ta qoʻlyozma ilk bor keng jamoatchilikka taqdim etishga tayyorlandi.
Bugun ushbu eksponatlar Toshkentning Islom sivilizatsiyasi markazida, Buyuk Ipak yoʻli markazida oʻzining munosib oʻrnini egallamoqda. YuNESKO Bosh direktori Xalid Al-Anani noyabr oyidagi tashrifda markazni “butun dunyo uchun nur manbai” deb atab, uni “sivilizatsiyalar chorrahasi” sifatida yuksak baholadi.
Global ilmiy hamkorlik tarmogʻi barpo etilmoqda
Loyiha boshidanoq xalqaro ilmiy doiralar faol ishtirok etdi. 20 davlatdan 400 dan ortiq tadqiqotchilarni birlashtirgan WOSCU jahon jamiyati markazning ilmiy va madaniy yoʻnalishlarini qoʻllab-quvvatladi va 1000 ga yaqin nodir artefaktlar, qoʻlyozmalar va muzey eksponatlarini sovgʻa qildi. Bu buyumlar Movarounnahr, Xuroson, Eron, Hindiston kabi mintaqalardan kelib chiqqan boʻlib, Oʻzbekiston tarixiy merosining ajralmas qismidir.
Markaz shaxsiy kolleksionerlar bilan ham hamkorlik qilmoqda. Dastlabki kolleksiyalar 2025-yilda Toshkentda oʻtkazilgan “Buyuk oʻtmish merosi – maʼrifatli kelajak asosi” xalqaro ekspertlar forumi oldidan topshirildi.
40 mamlakatdan 1500 dan ortiq mutaxassis markazning ilmiy, meʼmoriy va madaniy rivojlanishiga oid 800 dan ortiq ilmiy va muzey loyihalarida ishtirok etdi.
Markaz direktori, WOSCU raisi Firdavs Abduxoliqov loyihaning maqsadi “tarixda sochilib yotgan bilimlar va merosni bir joyga jamlash” ekanini taʼkidladi. Uning aytishicha, markaz islom sivilizatsiyasini “tinchlik, ezgulik, ilm-fan, maʼrifat va maʼnaviyat sivilizatsiyasi” sifatida namoyish etishni maqsad qilgan.
2026 yil ochiladigan Markaz — Oʻzbekiston uchun yangi madaniy darvoza
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi 2026 yil mart oyida rasman ochiladi. Ochilish yaqinlashar ekan, markaz Oʻzbekistonning madaniy darvozasi — ilmiy izlanishlar, xalqaro hamkorlik va intellektual uygʻonish uchun yangi makon sifatida oʻz oʻrnini mustahkamlab bormoqda.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma