Euronews: “Markaziy Osiyo va Ozarbayjon: umumiy madaniy meros — umumiy kelajak”

 

Nufuzli xalqaro axborot agentligi – Euronews nashrida Markaziy Osiyo va Ozarbayjonning umumiy madaniy merosi hamda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida oʻtkazilgan xalqaro kongress haqida maqola eʼlon qilindi. Materialda mintaqaning asrlar davomida shakllangan maʼnaviy-maʼrifiy merosi, uning bugungi global vaziyatdagi ahamiyati va Oʻzbekistonning madaniy diplomatiya sohasidagi yetakchi oʻrni keng yoritilgan.

 

Madaniyat — sivilizatsiya xotirasi. U chegaralardan oshib oʻtadi, siyosiy oʻzgarishlardan omon qoladi va avlodlar hamda xalqlarni birlashtiradi.

 

Aynan shu gʻoya Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo: umumiy maʼnaviy-maʼrifiy meros – umumiy kelajak” xalqaro kongressida Markaziy Osiyo va Ozarbayjondan kelgan olimlar, tarixchilar, siyosiy arboblar va madaniyat vakillari muhokamalariga asos boʻldi.

 

Delegatlar Toshkentda yigʻilib, mintaqaning asrlar davomida shakllangan maʼrifatparvarlik anʼanalari va bugungi kun uchun uning ahamiyatini yoritib berdilar. Bu gʻoya kongressning yakuniy deklaratsiyasida rasman mustahkamlandi.

 

Umumiy merosga tayanadigan mintaqaviy oʻzlik

 

Geosiyosiy tangliklar, xalqaro kelishmovchiliklar va chegaralardagi mojarolar kuchayib borayotgan bir davrda ishtirokchilar Markaziy Osiyo va Ozarbayjon boʻylab qariyb 100 million odamni bogʻlab turuvchi chuqur madaniy poydevorni alohida taʼkidladilar.

 

Tadbir ahamiyati markazning bosh zaliga Usmon Qurʼoni — dunyodagi eng qadimiy va eʼzozlangan qoʻlyozma Qurʼon nusxalaridan birining oʻrnatilishi bilan yanada ortdi. Delegatlar bu lahzani chuqur ramziy maʼnoga ega deb taʼrifladilar.

 

Tadbir ochilishida oʻqib eshittirilgan tabrikda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼkidladi:

 

“Bugungi oʻta murakkab davrda, dunyoning turli burchaklarida qarama-qarshiliklar va mojarolar kuchayib borayotgan bir paytda, barchamiz uchun eng dolzarb vazifa tinchlik va barqarorlikni saqlash boʻlib qolmoqda. Biz har bir masalaga bilim va maʼrifat bilan yondashishimiz, xalqlar oʻrtasida totuvlikni mustahkamlashimiz, madaniyatlar va sivilizatsiyalar oʻrtasidagi muloqotni kengaytirishimiz zarur.”

 

Diplomatik ahamiyat va madaniy hamkorlik

 

Prezident Mirziyoyev oʻz murojaatini Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sammiti arafasida yoʻlladi. Unda u Birlashgan Millatlar Tashkilotiga Markaziy Osiyo va Ozarbayjonning jahon taʼlimi, fan va madaniyatiga qoʻshgan umumiy hissasini eʼtirof etuvchi maxsus rezolyutsiyani qoʻllab-quvvatlash chaqirigʻini ilgari surdi.

 

Bu vaqt tanlovi kongressga qoʻshimcha siyosiy ahamiyat bagʻishlab, madaniy hamkorlik mintaqaviy ishonch va oʻzaro integratsiyani mustahkamlashda muhim vosita ekanini yana bir bor tasdiqladi. Bu jarayonda Oʻzbekiston yetakchi rol oʻynayotgani qayd etildi.

 

Jahon sivilizatsiyasiga tarixiy hissa

 

Nutq soʻzlaganlar Markaziy Osiyo va Ozarbayjonning jahon sivilizatsiyasini shakllantirishdagi ulkan rolini ham esga oldilar. VIII–XIII asrlardagi Islom Uygʻonish davrida bugungi Markaziy Osiyo va Ozarbayjon hududlari ilm-fan va tafakkur markazlaridan biri boʻlgan.

 

Beruniy, Ibn Sino, Forobiy, Alisher Navoiy, Imom Buxoriy, Mirzo Ulugʻbek kabi allomalar matematika, astronomiya, falsafa, tibbiyot, ilohiyot va adabiyot sohalarini tubdan oʻzgartirgan ilmiy kashfiyotlar yaratdilar.

 

Bu meros haqida soʻz yuritar ekan, Markaz direktori va WOSCU raisi doktor Firdavs Abduxoliqov delegatlarga shunday dedi:

 

“Markaziy Osiyo shunchaki bir mintaqa emas. Bu — buyuk gʻoyalar va ijodiyot beshigidir. Oʻzbekiston Prezidentining tashabbusi nafaqat Oʻzbekistonning, balki butun mintaqaning va Islom olamining madaniy-tarixiy merosini tiklaydi, asraydi va ulugʻlaydi. Bizning Markaz bu yuksak maqsadni roʻyobga chiqarish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratadi.”

 

Islom sivilizatsiyasi markazi

 

2017 yilda Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan qurilishi boshlangan va 2026 yil mart oyida ochilishi rejalashtirilgan Islom sivilizatsiyasi markazi Toshkentning maʼnaviy yuragi boʻlgan Hazrati Imom majmuasi yonida joylashgan. Usmon Qurʼoni hozirda 65 metrli gumbaz ostidagi bosh zalda markaziy oʻrinni egallagan boʻlib, uning atrofida mintaqaning ilmiy va badiiy merosini aks ettiruvchi nodir artefaktlar joylashgan.

 

Markazdagi ekspozitsiyalar Markaziy Osiyoning qadimgi sivilizatsiyalardan boshlab Birinchi va Ikkinchi islom renessansi allomalari orqali bugungi taʼlim, fan va ilmiy tadqiqotlar islohotlarigacha boʻlgan tarixini yoritadi. Delegatlar markazni tarix va zamonaviy oʻzlik birlashib, yangi maʼno va gʻoyalarning tugʻilishiga imkon beruvchi keng madaniy-maʼrifiy makon deb taʼrifladilar.

 

Chegaralardan oshadigan birlik

 

Kongress davomida aynan mana shu birlik ruhi sezilib turdi. Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston vakillari zamonaviy siyosiy chegaralardan ancha oldin shakllangan chuqur madaniy rishtalar haqida soʻzlab berdilar.

 

Kongress, shuningdek, mintaqada ilmiy va maʼrifiy anʼanalarni tiklash borasida Oʻzbekistonning keng koʻlamli saʼy-harakatlarini ham yoritdi. Soʻnggi yillarda yuzlab yangi maktablar ochildi, oliy taʼlim muassasalari soni ikki barobardan koʻpaydi, Imom Buxoriy va Imom Maturidiy kabi allomalarga bagʻishlangan yangi ilmiy markazlar tashkil etildi.

 

Umumiy maʼnaviy meros — umumiy kelajak sari

 

Markaziy Osiyo va Ozarbayjonning Oʻzbekistonda tiklangan maʼnaviy markaz atrofida birlashishi ularning umumiy madaniy merosini yana bir bor tasdiqlabgina qolmay, uzoq muddatli hamkorlik va mintaqaviy taraqqiyot uchun yangi maydon yaratadi.