Muhabbat va qudrat timsoli
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyining “Ikkinchi Renessans” boʻlimida namoyishga tayyorlanayotgan miniatyuralar orasida Temuriylar sulolasining yirik ayoli — Saroymulkxonim, xalq orasida Bibixonim nomi bilan mashhur boʻlgan Temuriy malika alohida oʻrin tutadi.
Uning shaxsiyatida muhabbat va qudrat uygʻun boʻlgan: bir tarafdan Amir Temurning sevikli rafiqasi, ikkinchi tarafdan esa zakovatli maslahatchi, maʼrifat homiysi va davlat ishlariga taʼsir koʻrsata olgan ardoqli shaxs sifatida namoyon boʻladi.
Siyosiy nufuz
Saroymulkxonim 1341 yilda Chigʻatoy xonligi hukmdori Qozonxon avlodida tugʻilgan. Uning nasabi va qoni Chingiziylarga borib taqaladi. 1355 yilda Movarounnahr hukmdori amir Qozogʻonning nabirasi amir Husayn uni nikohiga kiritdi. Amir Temur 1370 yilda Husaynni yengganidan soʻng uning haramidagi Saroymulkxonimni nikohiga oladi va u Temurning bosh xotini (ulkan maqomdagi xonim)ga aylanadi. Shu bois u saroyda “Katta xonim” unvoni bilan yuksak hurmatga sazovor boʻldi.
Temur davlat ishlarida u bilan maslahatlashar, ayrim murakkab siyosiy va iqtisodiy masalalarda uning fikriga quloq solardi. Masalan, Isfahon yurishi paytida qoʻshin qiyin ahvolga tushganda, Temur Saroymulkxonimdan maslahat soʻraydi. Shunda Saroymulkxonimning “Zaringiz tugasa, siyosatingiz ham tugadimi?” degan oʻtkir soʻzlari natijasida Temur tarixda mashhur boʻlgan “suyak pul”ni joriy etadi. Bu voqea xonimning siyosiy vaziyatni chuqur anglay olishi va tafakkuri yuqori boʻlganidan dalolat beradi.
Shuningdek, kelajak avlod, yaʼni farzandlar tarbiyasi juda muhim ahamiyatga ega boʻlgan davrda Amir Temur boʻlajak hukmdorlar – Mirzo Ulugʻbek, Xalil Sulton kabi shahzodalarning tarbiyasini Bibixonim qoʻliga ishonib topshirgan. Bu uning saroyda ham insoniy, ham davlatchilik tizimida muhim mavqeda boʻlganligini koʻrsatadi. Aynan shu sababli ham Amir Temur tomonidan eng muhim vazifalar Bibixonimga topshirilgan.
Maʼrifatga homiylik
Saroymulkxonim Samarqand va Hirotda qurilgan madrasalar uchun katta mablagʻ ajratgan, mudarris va tolibi ilmlarga homiylik qilgan. Manbalarda u talabalarga stipendiya va moddiy yordam bergani, ularning yashash va oʻqish sharoitlarini yaxshilashga eʼtibor qilgani yoziladi. Shuningdek, ilm ahliga alohida hurmat koʻrsatgan va saroy majlislariga ulamo va olimlarni taklif etib, ilmiy suhbatlar uyushtirilishiga hissa qoʻshgan. Bibixonim ulamo va shoirlarni moddiy hamda maʼnaviy qoʻllab-quvvatlagan. Temur saroyida boʻlib oʻtgan ilmiy bahslar va suhbatlarda ham Saroymulkxonim ishtirok etgan, bu orqali saroy hayotida ilmning mavqeini mustahkamlashga hissa qoʻshgan.
Uning madrasalar qurilishiga homiyligi, talabalar va ulamolarga eʼtibori tarixda uni faqat malika emas, balki maʼrifatparvar ayol sifatida abadiylashtirdi.
Taʼsirchan shaxs
Bibixonim nafaqat ichki saroy hayotida, balki xalqaro maydonda ham yuksak nufuzga ega boʻlgan. Ispaniyalik elchi Rui Gonzales de Klavixo 1404 yilgi Samarqand sayohatidan yozgan qaydnomalarida Bibixonimning madaniyatli, katta ziyofatlarda faol ishtirok etishi, elchilar bilan muzokara qilganini, hatto buyumlar (masalan, qizil mavut) toʻgʻrisida maslahatlashganini yozadi — bu uning tashqi diplomatiya (ramziy va ijtimoiy)da ham alohida darajaga ega boʻlganini koʻrsatadi. Klavixo oʻz qaydnomalarida yozib qoldirishicha, malikaning “koʻrinishi — ushbu davrda Saroymulkxonim saroydagi koʻzga koʻrinarli va taʼsirchan shaxs ekanligi boʻyicha guvohlikdir”.
Bu oʻrta asrlarda kam uchraydigan holat boʻlib, ayollarning ochiq siyosiy sahnada ishtirok etishi Temuriylar davlatida ularning qadr-qimmati yuqori boʻlganini koʻrsatadi.
Fojia va abadiy xotira
Baʼzi manbalar — ayniqsa Ahmad ibn Arabshoh — Bibixonimning 1408 yilda zaharlanib oʻldirilganini va bu ishda Shodmulk (Xalil sultonning xotini) ayblanganini yozadi. Ibn Arabshohning bu daʼvolari baʼzi tarixchilar tomonidan shubhali yoki muxtasar turdagi manba sifatida qaraladi. Lekin ular Temuriy suratidagi xonadonning ichki-siyosiy tortishuvlariga oid muhim dalillar beradi. Yaʼni, Bibixonimning nufuzi — suiqasd va hokimiyat orasidagi janglarda ham «maʼlum darajada» taʼsir koʻrsatgan.
Bibixonim masjidi – muhabbat va qudrat ramzi
Amir Temur Hindiston yurishidan qaytgach, oʻzining sevikli rafiqasi sharafiga Samarqandda ulkan masjid qurdirdi. Xalq orasida bu masjid “Bibixonim masjidi” nomi bilan mashhur boʻldi.
Uning qurilishi haqida koʻplab rivoyatlar mavjud. Aytishlaricha, Temur masjid qurilishi uchun Hindistondan yuzlab hunarmand va ustalarni olib kelgan. Qurilishda yuz minglab qullar mehnat qilgan, devorlari lazur va marmar bilan bezatilgan. Masjidning baland gumbazi Samarqand osmoniga koʻtarilib, “yerda turib, osmonni koʻrish” imkonini bergan. Saroymulkxonim nomi bilan bogʻliq “Bibixonim masjidi” faqat ibodat maskani emas, balki ilmiy va madaniy markaz vazifasini ham bajargan.
Tarixiy manbalarda aytilishicha, bu yerda talabalar Qurʼon, hadis, fiqh va falsafa fanlarini oʻrgangan. Bu holat malikaning ilm va maʼrifatga qaratgan eʼtiboridan dalolat beradi.
Miniatyuradagi obraz — saroydagi mavqe timsoli
Saroymulkxonim — muhabbat, qudrat, maʼrifat va siyosiy nufuz uygʻunlashgan siymodir. Uning tarixi nafaqat Temuriylar, balki butun musulmon sharqida ayollarning jamiyatdagi yuksak oʻrnini namoyon qiladi.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasida namoyish etilishi kutilayotgan miniatyurada Bibixonim otliq holda yuksak hasham bilan tasvirlangan. Uning libosidagi zarhal naqshlar, yuzidagi qatʼiyat uning obrazini keng qamrovli ifoda etadi. Bu tasvir nafaqat sanʼat asari, balki tarixiy xotiradir: u orqali biz Temuriylar davrida ayollarning siyosiy, madaniy va maʼnaviy hayotda tutgan oʻrnini his qilamiz.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
