Oʻzbekistonda birinchi kamera ortida kim turganini bilasizmi?
🔴 Oʻzbek kinosidagi ilk qadamlar – Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi Markazi ekspozitsiyasida!
Oʻzbekiston tarixida ilk fotosuratchi, kinooperator va milliy kinematografiyaning asoschisi sifatida tanilgan Xudoybergan Devonov oʻz davrining eng ilgʻor va jasur shaxslaridan biri edi. U fotografiya va kinematografiyani vatanga olib kirib, xalqni dunyo yangiliklaridan boxabar qilish, yoshlarni ilm-maʼrifatga chorlash yoʻlida faoliyat olib bordi.
1879 yilda Xiva shahrida tugʻilgan Devonov madrasada taʼlim oldi, arab tilini oʻrgandi, sheʼr yozdi. Soatsozlik, bogʻdorchilik va musiqaga qiziqdi.
Ammo uning taqdiriga fotografiyada eʼtibor qozonish yozilgan edi. Xudoybergan hayotida burilish yasagan uchrashuv – Xiva yaqinidagi Oqmachit qishlogʻida yashagan mennonit nemisi Vilhelm Penner (mahalliylar uni “Panar buva” deyishardi) bilan tanishuv boʻldi. Devonov ikki yil davomida uning uyiga qatnab, fotografiya va nemis tilini oʻrgandi. Baʼzan ustozning oʻzi ham Xudoyberganning uyiga kelib, saboq berdi.
XX asr boshlarida suratga olish musulmon jamiyatida bahslarga sabab boʻldi, hatto qozikalon uni “kofir” deb eʼlon qildi. Lekin maʼrifatparvar Islomxoʻja va Xiva xonining homiyligi bilan Devonov ishini davom ettirdi.
1908 yilda u Sankt-Peterburg va Moskvaga borib, foto va kino texnikasini xarid qildi, vatanga qaytib ilk foto-kinolaboratoriyani ochdi. Shu bois 1908 yil Markaziy Osiyoda kinematografiya “tugʻilgan” yil sifatida eʼtirof etiladi.
Devonov turli shaharlarni kezib, xalq turmushi, bayramlar, meʼmoriy yodgorliklar, paxta yigʻimi kabi jarayonlarni tasvirga oldi. Uning kamerasi orqali ham podshoh, ham oddiy dehqon tasvirlari tarixga muhrlandi.
Keyinchalik, u Xorazm Xalq Sovet Respublikasida xizmat qildi, moliya noziri boʻlib ishladi, bir vaqtning oʻzida hujjatli filmlar suratga oldi. “Ishchi ayollar”, “Paxta karvoni”, “Tuzkon” kabi filmlari milliy hayotning tarixiy solnomasi boʻlib qoldi.
Afsuski, 1937 yilgi qatagʻon davrida Devonov soxta ayblar bilan qamaldi va 1938 yil 5 sentabrda otib tashlandi. Uning boy foto va kino arxivi musodara qilinib, koʻp qismi yoʻq qilindi.
Faqat 1959 yilda u toʻliq oqlandi. 1960–70 yillarda olimlar uning merosini oʻrganishni boshladi, koʻrgazmalar tashkil etildi, kitoblar nashr qilindi. 2021 yilda akademik Naim Karimovning “Xudoybergan Devonov” nomli kitobi Islom Karimov fondi tomonidan nashr etildi.
Bugun Xudoybergan Devonov nomi oʻzbek kino va fotografiya sanʼati tarixiga zarhal harflar bilan yozilgan. U haqdagi maxsus medialoyiha Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining “Oʻzbekiston XX asrda” boʻlimida namoyish etiladi, tomoshabinlar esa uning hayoti va ijodi, oʻzbek kinosiga asos solishi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻladi.
Shahnoza Rahmonova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
