“Bu markaz dunyodagi yana bir ilm va maʼrifat qasri boʻladi” – IRCICAning Markaziy Osiyo boʻyicha masʼuli



 

    Toshkentda qurilayotgan va dunyoda tengi yoʻq loyiha — Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hali rasman ochilmagan boʻlsa-da, unga qiziqish kundan-kunga oshib bormoqda. Markaz nafaqat mamlakatimiz aholisi, balki xalqaro tashkilotlar va xorijiy olimlar eʼtiborini ham tortmoqda.

 

    Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilayotgan bu ulkan majmua bilan tanishish uchun Misr Arab Respublikasi Qohira universiteti Sharq tillari kafedrasi professori Jalol Said Hafnaviy, IRCICA tashkilotining Markaziy Osiyo boʻyicha masʼuli, tarix fanlari doktori Ashirbek Moʻminov hamda tarixchi olimlar tashrif buyurdi.



 

    Mehmonlar markazning binosi, muzey ekspozitsiyasi va kontentlari bilan yaqindan tanishdilar. Ular 10 gektarga yaqin hududda qurilgan majmua, yaqinidagi Hazrati Imom masjidi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bir-birini toʻldirib turganini taʼkidladilar.

 

     Professor Jalol Said Al-Hafnaviy oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi:

 

“Bu markaz oddiy majmua emas. Bunday joyni boshqa mamlakatlarda koʻrmaganman. Bu yerdagi meʼmoriy sanʼat, Qurʼon oyatlari, Makka haramini eslatuvchi eshiklar — barchasi betakror. Bu maskanda Amir Temur, Ulugʻbek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi buyuk zotlaringizning merosi ulugʻlanadi. Xuddi yangi dunyoga kelgandek his qildim!”

 

    Shuningdek, markazning ikkinchi qavatida xalqaro tashkilotlar — ICESCO, UNESCO, TURKSOY va IRCICA kabi nufuzli muassasalar uchun alohida xonalar ajratilishi maʼlum qilindi.

 

    Ashirbek Moʻminov ham oʻz fikrlarini bildirib, ekspozitsiya kontentlari ilmiy jihatdan uzviy va rivojlanish bosqichlarini toʻla qamrab olganini taʼkidladi:

 

“Bu markaz dunyodagi yana bir ilm va maʼrifat qasri boʻladi. Birinchi va ikkinchi Renessans davrlari haqidagi gʻoyalar nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun Sharq islom olami uchun muhim nazariya hisoblanadi.”



 

    Tashrif ishtirokchilari Oʻzbekistonda ilm-fan, maʼrifat va madaniyatga qaratilgan davlat siyosati va amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadilar.