Oʻzbekiston tarixida “birinchi” boʻlganlar: jasorat va ilhom manbai

 

    Oʻzbekiston tarixi buyuk shaxslar, unutilmas voqealar va xalqimiz iftixoriga aylangan “birinchi”lar bilan toʻla. Ular turli sohalarda yangi yoʻl ochib, butun avlodlarga namuna boʻlgan.



 

     Ilk alifbeni yozgan ustoz

 

Oqilxon Sharafiddinov — oʻzbek tilidagi birinchi alifbe darsligi muallifi. 1938 yilda yozilgan bu kitob keyinchalik takomillashtirilib, qayta nashr etildi. Bugun Toshkentdagi 129-maktab u kishining nomi bilan ataladi.



 

     Ilk xalqaro grossmeyster

 

Georgiy Agzamov — 1984 yilda, 30 yoshida, oʻzbek shaxmatchilari orasida birinchi boʻlib xalqaro grossmeyster unvonini qoʻlga kiritgan.



 

     Ilk oʻzbek aktrisasi

 

Tursunoy Saidazimova — tarixda birinchi oʻzbek aktrisasi sifatida qolgan. U faqat sanʼat sahnasidagina emas, ayollarning maʼnaviy ozodligi yoʻlida ham kurashgan fidoyi shaxs boʻlgan.



 

     Ilk fazogir

 

Solijon Sharipov — 1998 yilda ilk bor koinotga parvoz qilgan oʻzbek. U ikki marotaba kosmosga uchgan va “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.



 

     Boks boʻyicha ilk jahon chempioni

 

Rufat Risqiyev — 1974 yilda Kubada oʻtgan musobaqada birinchi oʻzbek jahon chempioni boʻlgan. Keyin Olimpiadada kumush medal olgan.



 

     Ilk ayol parovoz mashinisti

 

Bashorat Mirboboyeva — ilk parashyutchilardan biri va 1937 yildan boshlab Oʻzbekistondagi birinchi ayol parovoz mashinisti.



 

     Ilk ayol dirijyor

 

Dilbar Abdurahmonova — oʻzbek va sovet dirijyori, skripkachisi. 1977 yilda SSSR Xalq artisti unvoniga sazovor boʻlgan va tarixda birinchi ayol dirijyor sifatida tanilgan.



 

     Qatagʻonda qurbon boʻlgan ilk ayol jurnalist

 

Sobira Xoldorova — qatagʻon davri qurboni boʻlgan birinchi oʻzbek ayol jurnalisti sifatida yod etiladi. Uning taqdiri oʻquvchi uchun ibrat va saboqdir.

 

    Bugungi kunda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasining “Oʻzbekiston XX asrda” boʻlimida ana shunday tarixiy shaxslar hayoti va faoliyatiga alohida eʼtibor qaratilgan. Shuningdek, “Oʻzbekistonning birinchi qaldirgʻochlari” nomli hujjatli film namoyishi rejalashtirilgan. Filmda elga ibrat boʻlgan bu shaxslar haqida qisqa, taʼsirchan lavhalar oʻrin oladi.

 

Shahnoza Rahmonova

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin