Markaziy Osiyoda Islom uygʻonishini boshlagan sulola
🔴 Musulmon Sharqidagi eng taraqqiy etgan markazlardan biri
🔴 Qum ostidagi sivilizatsiyaning qayta jonlanishi!
Somoniylar sulolasi IX–X asrlarda Markaziy Osiyo va Xurosonda mustahkam markazlashgan davlat barpo etib, yurtni siyosiy, iqtisodiy va madaniy yuksalish davriga olib chiqdi. Ular nazoratidagi hududlar bugungi Oʻzbekiston, Tojikiston, Afgʻoniston va Eronning bir qismini qamrab olgan.
Somonxudotdan boshlangan sulola
Sulola nomi ularning ajdodi – Somonxudot nomi bilan bogʻliq. U dastlab xalifalikka qaram mahalliy amir boʻlgan, ammo uning avlodlari arablarning Umaviy va Abbosiy sulolalaridan soʻng mustaqillikni eʼlon qilgan ilk mahalliy sulola sifatida tarixga kirdi.
Adolatli podshoh
Sulolaning eng buyuk va nufuzli hukmdori Ismoil ibn Ahmad (Ismoil Somoniy) edi. U 892 yilda butun Movarounnahr va Xurosonni birlashtirib, mustaqil davlat barpo etdi. Ismoil Somoniy adolatli boshqaruvi, xalq bilan yaqinligi va diniy bagʻrikengligi bilan tarixda alohida oʻrin tutdi.
“Somoniylar uygʻonishi”
Ismoil Somoniy davrida ilm-fan, adabiyot, meʼmorchilik va islom ilmlari gullab-yashnadi. Madrasalar, kutubxonalar, masjidlar qurildi, olim va shoirlar qoʻllab-quvvatlandi.
Bu davrda Imom Buxoriy, Rudakiy, Forobiy, Ibn Sino kabi allomalarning ilmiy merosi yaratildi.
Savdo va tangalar – davlat qudrati ramzi
Somoniylar davlati savdo yoʻllarini nazorat qilib, Xitoydan Vizantiyagacha boʻlgan yoʻllarni ochiq va xavfsiz saqladi. Ular zarb etgan oltin, kumush va mis tangalar nafaqat Markaziy Osiyoda, balki Afgʻoniston, Eron va Hindistonda ham aylanmada boʻlgan. Bu Somoniylar davlatining iqtisodiy salohiyati yuqori ekanini koʻrsatadi.
Ismoil Somoniy maqbarasi – meʼmorchilik durdonasi
Buxorodagi Ismoil Somoniy maqbarasi IX–X asrlar islom meʼmorchiligining eng qimmatli yodgorliklaridan biri hisoblanadi. Pishiq gʻishtdan qurilgan bu obida geometrik naqshlar bilan bezatilgan boʻlib, bir necha asrlar davomida yaxshi saqlanib qolgan. Bugungi kunda maqbara Oʻzbekistonning milliy ramzlaridan biri sifatida turistik markazga aylangan.
Boy meros va uning ahamiyati
Somoniylar sulolasi Markaziy Osiyo tarixida siyosiy mustaqillik, madaniy yuksalish va bagʻrikenglik timsoli sifatida yod etiladi. Bugun Toshkentda qurilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazida Somoniylar davriga oid ekspozitsiya tashkil etilmoqda. Bu tarixiy meros yangi avlod uchun ham ilhom manbai boʻlib xizmat qiladi.
Goʻzal Beknazarova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
