Markaziy Osiyoning eng qadimiy va bebaho qoʻlyozmalarini koʻrishni istaysizmi?

 

🔴 Eng sirli eksponatlar bilan tanishish imkoniyati!

 

🔴 Oʻtmishning noyob durdonalari namoyishi!

 

    Islom sivilizatsiyasi markazida sizni ulugʻ ajdodlarimizning bebaho merosi kutmoqda. Usmon Mushafining muqaddas sahifalari, Temur tuzuklarining adolatga asoslangan qoidalari, Navoiyning abadiy ijodi... Agar kitoblar gapira olsa, “Usmon Mushafi” qanday ibratlarni aytardi? Yoki “Temur tuzuklari” qaysi qonunlarni eslatardi? Har bir qoʻlyozma oʻtmishning sirli hikoyasini pichirlaydi.

 

    Yaqin kunlarda ochilishi kutilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi jamoatchilikka ana shu tarixiy sirlarni chuqurroq anglash imkonini taqdim etadi. Bu yerda nafaqat asl qoʻlyozmalar, balki ularning faksimilelari va ilmiy tiklangan nodir nusxalari ham jamlangan.

 

     Qurʼon nusxalari – markazning qimmatli durdonalari

 

    Markaz muzeyining eng muhim boyliklari orasida qadimiy Qurʼon qoʻlyozmalari alohida oʻrin tutadi. Jumladan:



 

    ◾️Usmon Mushafi – dunyodagi eng qadimiy va muqaddas Qurʼon nusxalaridan biri. Rivoyatlarga koʻra, u xalifa Usmon ibn Affon davrida koʻchirilgan va musulmonlar orasida yagona matn sifatida tarqatilgan. Mushaf sahifalarida xalifa Usmonning shahid qilingan paytda toʻkilgan qon izlari qolib ketgani ham tarixiy manbalarda tilga olinadi. Bu mushaf qurʼon matnining asl nusxalari saqlanganining isboti boʻlib, islom tarixidagi ilk davr siyosiy va diniy jarayonlaridan dalolat beradi va ajdodlarimizning iymon va sabr ramzi sifatida qadrlanadi.



 

    ◾️Shodmalik Xotun Qurʼoni – Shodmalik Xotun qoʻli bilan yozilgan Qurʼon nusxasi, yuqori badiiy qiymatga ega qoʻlyozma. 1467-yilda koʻchirilgan. Nozik xattotlik, oltin va rang-barang bezaklari bilan Qurʼon kitobat sanʼatining yuksak namunasi boʻlib, Temuriylar davrida diniy kitobat sanʼati va Qurʼon nusxalariga boʻlgan yuksak eʼtibordan dalolatdir. Qadimiy, mukammal saqlangan va oʻsha davrning madaniy-maʼnaviy darajasini koʻrsatuvchi noyob asar hali shu paytgacha boshqa joyda namoyish qilinmagan.



 

     “Temur tuzuklari” va tarixiy qoʻlyozmalar

 

    Markaz ekspozitsiyasida Temuriylar davlatining siyosiy hayoti va boshqaruv tizimiga oid eng muhim manbalardan biri – “Temur tuzuklari” haqida chet el olimlari va yozuvchilari tomonidan yozilgan asarlarning asl nusxalarini koʻrishingiz mumkin.

 

    Ulardan:


⚫️ Fors va ingliz tillarida yozilgan “Temur tuzuklari” asari,


⚫️ Ingliz tilida 1681 yil Londonda yozilgan Charlz Saundersning “Buyuk Temur” asari,


⚫️ Fransuz tilida 1739-yil Parijda yozilgan Jan Baptist Magnat de Tillining “Amir Temur tarixi” asarlarining ham asl nusxalari namoyish qilinadi.

 

    Ularda davlat boshqaruvi, harbiy tartib va adolat qoidalari batafsil bayon qilingan.


    Shuningdek, markazda Temuriy shahzodalar tashabbusi bilan yaratilgan koʻplab qoʻlyozmalar ham oʻrin oladi. Masalan, 1397–1398-yillarda Pirmuhammad tomonidan tayyorlangan ikki jildlik toʻplamda Firdavsiyning “Shohnoma”, shuningdek “Garshaspnoma” va “Bahmannoma” kabi asarlar jamlangan.

 

    Elektron qoʻlyozmalarga zamonaviy yoʻl

 

    Islom sivilizatsiyasi markazi “Ikkinchi Renessans” boʻlimida haqiqiy qoʻlyozmalar bilan birgalikda oʻsha davrning eng noyob asarlarini bir necha tillardagi elektron variantlarini bemalol oʻqish imkoniga ega boʻlasiz.

 

     Bular orasida:


➖ Fransiya milliy kutubxonasi (Parij)da saqlanayotgan Abdurahmon as-Soʻfiyning (vaf. 986) “Suvar al-kavokib as-sobita” asari,


➖ Shohrux Mirzo kutubxonasi uchun tayyorlangan, Toʻpqopi saroyi kutubxonasi (Istanbul)da saqlanayotgan Rashiddinning (1247–1318) “Jomi at-tavorix” asari,


➖ 1400 yilda xattot Ali ibn Sultoniy Tabriziy tomonidan koʻchirilgan, Nyu-York Friir sanʼat galereyasida saqlanayotgan Nizomiyning “Xamsa”si,


➖ Bodlean kutubxonasi (Oksford)da saqlanayotgan Alisher Navoiyning “Hayrat ul-Abror” asari,


➖ XVI asrda Volner (Baltimor)da saqlanayotgan “Boburnoma” asarlarining asl qoʻlyozma nusxalarining elektron variantlaridan foydalanishingiz mumkin.

 

    Xulosa

 

    Islom sivilizatsiyasi markazi — bebaho merosimizni ilmiy asosda oʻrganish va uni xalqimiz hamda jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim koʻprik vazifasini bajaradi. Bu maskan orqali biz ajdodlarimizning ilmga boʻlgan intilishi va sanʼatga muhabbatini yanada chuqurroq anglaymiz.

Laylo Abdukaxxarova
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.